NNT faoliyatiga qonunga zid aralashish BHMning 10 baravarigacha jarimaga sabab bo‘ladi

Qonun hujjatlariga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, davlat organlarining mansabdor shaxslari tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish: BHMning 7 baravaridan 10 baravarigacha jarima solishga sabab bo‘lishi belgilandi.
Shuningdek, kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, jamoatchilik nazorati natijalariga ko‘ra, qonunchilikda nazarda tutilgan shakllarda jamoatchilik nazorati sub’yektlari tomonidan tayyorlangan yakuniy hujjatni ko‘rib chiqmaslik yoki ko‘rib chiqish muddatini uzrli sabablarsiz buzish: mansabdor shaxslarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi ko‘zda tutildi.
Bundan tashqari, homiylik xayriyalarini yig‘ish tartibi aniq belgilandi. Unga ko‘ra, homiylik xayriyalarini yig‘ish muayyan homiylik oluvchilarning manfaatlarini ko‘zlab, oldindan e’lon qilingan muddat davomida amalga oshiriladi.
Homiylik xayriyalarini yig‘ish tartibini buzish fuqarolarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 5 baravaridan 7 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilandi.
Oliy Majlis huzuridagi fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi viloyat bo‘limi, viloyat adliya boshqarmasi, O‘zNNTMA viloyat hududiy bo‘linmasi hamkorligida o‘tkazilgan o‘quv seminarda qonunchilikdagi shu yangiliklarga batafsil to‘xtalib o‘tildi.
Seminarda viloyat soliq, statistika, prokuratura, sud tizimi NNTlari vakillari ishtirok etdi.
- Mazkur seminarni o‘tkazishdan asosiy maqsad, nodavlat notijorat tashkiloti vakillarini “Homiylik to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi bilan batafsil tanishtirish bo‘ldi, - deydi Oliy Majlis huzuridagi fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi viloyat bo‘limi rahbari Doston Malikov. - Shuningdek, ishtirokchilarga “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon ijrosini ta’minlash yuzasidan olib borilgan ishlar bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi. E’lon qilingan davlat granti va davlat ijtimoiy buyurtmasi tanlovlarida ishtirok etish uchun ngo.gov.uz platformasidan foydalanish tartibi va shartlari to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.
Tadbir davomida NNT vakillarining muammolari va murojaatlari tinglandi.