Chorva mollari orasida “maymunchechak” tarqaldimi?

Shu kunlarda chorva mollari orasida ushbu kasallik ko‘payayotganligi to‘g‘risida xabarlar tarqalyapti. Bu xabar qanchalik haqiqatga yaqin?

Shu va boshqa savollarga viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Hamdam Umarovdan javob oldik. 

- “Maymunchechak” bilan hayvonlar kasallanmaydi. Bu mutlaqo asossiz va asosan mol savdosi bilan shug‘ullanuvchi dallollarning uydirma gaplari hisoblanadi. Bizda avvaldan bor bo‘lgan “Gepadermotoz”, xalq tilida “Qadala” deyiladi. Ya’ni, bu hasharot chaqishi natijasida yuzaga keladi. Hozir biz chorva mollarini bunday kasallikka qarshi emlayapmiz, lekin surunkali shaklga o‘tgan bo‘lsa, kasallik bevaqt qo‘zg‘alyapti. Bu yuqumli kasallik emas. Ba’zida chorva mollari nobud bo‘lgan holatlar ham bor, lekin bu kasallikdan emas, balki boshqa sabablar tufayli yuzaga kelmoqda. Yuqorida aytganimdek, hozir biz viloyatdagi 85 foiz chorva mollarini kana, bit va hasharotga qarshi emlab bo‘ldik. 

Yuqumliliklarga qarshi chorva mollari, parrandalarni emlash uchun davlat tomonidan 9 turdagi vaksina bepul beriladi. Hozir ham qoramollar kuydirgi, quturish, oqsil va teri kasalliklariga qarshi bepul emlanyapti. Agar yuqorida sanab o‘tilgan kasalliklardan boshqa kasallik uchrasa chorva egasi zarur dorilarni keltirib bersa, veterinariya vrachi bepul davolab beradi. Viloyatdagi mahallalarda chorva kasalliklarining turlari, yuqumlilik darajasi, biriktirilgan vetvrach, tumandagi hayvonlarni himoya qilish shu’basi va tuman veterinariya bo‘limi boshlig‘ining ism sharifi va ularning telefon raqamlarini e’lon qilganmiz. 

Viloyatda 439 ta veterinariya uchastkasi tashkil etilgan va qoramol bosh soniga qarab vetvrachlar biriktirilgan. Kuz mavsumida hududiy vetvrachlarimiz nodelyar dermati, oqsil, quturish kasalliklariga qarshi emlash ishlarini olib bormoqda. 

- Ayrim mahallalar uch-to‘rtta qishloqdan iborat yoki hudud katta. Vetvrachlar chorva mollarini emlashi yoki hududga yetib borishida qiyinchilik bo‘lmaydimi? 

- Shu holatlar inobatga olinib, viloyatning olis Qo‘shrabot, Nurobod tumanlarida ishlovchi vetvrachlarga 30 ta mototsikl tarqatildi. Vetvrachlarning oylik maoshi toifasi, razryadiga qarab 3-7 million so‘mga yetdi. 

Hozirgacha viloyatdagi 300 ming bosh qoramolga “birka” taqildi, ya’ni raqamlandi. Yangi buzoq tug‘ilgandan 14 kun o‘tib chorva egasi hududiy vetvrachga xabar beradi, vrach chorva moliga “birka” taqadi. Bu nima uchun kerak? “Birka” taqilgandan so‘ng elektron baza shakllanadi. O‘sha “birka” orqali chorva moli qachon, qaysi kasallikka qarshi emlangani, qanday vaksina qo‘llangani to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazada mavjud bo‘ladi. Kimdir shu chorva molini bozorda xarid qilayotganda ham barcha ma’lumotga ega bo‘ladi.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV yozib oldi.