Taniqli san’atkorlar tog‘lar orasidagi mahallalargacha yetib bordi
Samarqand zaminida Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan ezgu g‘oya atrofida birlashgan “Mustaqillik to‘yi” festivali tadbirlari ko‘tarinki ruhda davom etmoqda.
Ana shunday fayzli va mazmunli tadbirlar Qo‘shrabot tumanida ham bo‘lib o‘tdi. Bayram tadbirlari xalq bilan yuzma-yuz muloqot, samimiy suhbat, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar va ezgu tashabbuslarga boy bo‘ldi.
Taniqli olimlar, ziyolilar, san’atkorlar va ma’naviyat targ‘ibotchilari tumanning olis Quvkalla qishlog‘igacha borib, aholi bilan uchrashdi. Tog‘lar bag‘rida joylashgan ushbu qishloq ahli uchun bu uchrashuv chinakam bayramga aylandi.
- Bir paytlar konsert tomosha qilish uchun Toshkent yoki viloyat markaziga borishimizga to‘g‘ri kelardi, - deydi Quvkalla qishlog‘ida yashovchi otaxon Abdukarim Sulaymonov. - Bugun esa taniqli san’atkorlar eshigimizning tagigacha kelib, bizga quvonch ulashib ketyapti. Tog‘lar orasidagi qishlog‘imizda bunday katta tadbir bo‘layotganidan juda xursandmiz.
Darhaqiqat, bugun yurtimizning eng olis hududlarida yashayotgan aholi ham e’tibor va g‘amxo‘rlikdan chetda emas. Taniqli san’atkorlarning tog‘lar bag‘ridagi qishloqlargacha borib, xalq bilan birga bayramni nishonlashi ana shu ezgu munosabatning yorqin ifodasi bo‘ldi.
Qo‘shrabot tumani aholisi uchun madaniy-ma’rifiy va ijtimoiy yo‘nalishlarda qator tadbirlar tashkil etilib, ularda yurt tinchligi, Vatan ravnaqi, milliy qadriyatlar va yosh avlod tarbiyasi kabi muhim masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Samimiy muloqotlar davomida mustaqillikning inson hayotidagi o‘rni, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar hamda milliy qadriyatlarni asrab-avaylash masalalari xususida fikr almashildi. San’atkorlarning diltortar chiqishlari esa bayramona kayfiyatni yanada yuksaltirdi.
Ana shunday tadbirlar Kattaqo‘rg‘on shahrida ham bo‘lib o‘tdi. Shahar ahli bilan tashkil etilgan uchrashuvlar, madaniy-ma’rifiy dasturlar va san’atkorlarning chiqishlari yurtdoshlarimizga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Tadbirlar davomida xalq bilan samimiy muloqot qilish, ularning fikr va takliflarini tinglash, ezgu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi.