Oliy sud Kattaqo‘rg‘on va Jomboy tumanida sayyor qabul o‘tkazdi
Fuqarolar muammolarini ularning huzuriga borgan holda tinglash va joyida hal qilish maqsadida respublika Oliy sudi sudyalari joylarda ommaviy sayyor qabullar o‘tkazmoqda.
Oliy sud raisining o‘rinbosari Ikrom Muslimov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan 13-14 iyun kunlari viloyat aholisi uchun Kattaqo‘rg‘on va Jomboy tumanlarida kengaytirilgan sayyor qabullar o‘tkazildi.
Aholi kelishi uchun yo‘l-transport jihatidan qulay hududlar tanlandi. Muloqotlar shaffof bo‘lishi hamda navbat kutayotgan fuqarolarga maq’ul sharoit yaratish maqsadida sayyor qabullar soya-salqin joylarda tashkil etildi.
Har bir tadbir avvalida Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov fuqarolar bilan uchrashuv o‘tkazib, muloqot qildi. Davlatimizning bu sohadagi odilona siyosati, qonunchilikdagi yangiliklar, bugungi sud-huquq islohotlari haqida batafsil tushuntirdi.
Shundan so‘ng sayyor qabullar boshlandi. Yuzma-yuz muloqotlar chog‘ida samarqandliklarning sud-huquq yo‘nalishiga oid murojaatlari tinglandi. Tadbirda ma’muriy, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy masalalar bo‘yicha murojaatlar bo‘ldi. Eng muhimi, Oliy sud ishchi guruhidagi har bir yo‘nalish bo‘yicha mas’ullar murojaatchilarni tegishliligi bo‘yicha qabul qildi. Fuqarolarga ro‘yxatdan o‘tishdayoq murojaati yuzasidan aniq yo‘nalish berilib, tegishli mas’ul qabuliga yo‘naltirildi.
64 nafar fuqaro Oliy sud rahbariyati va ishchi guruhi qabulida bo‘lib, o‘z muammolarini bayon etdi. 32 ta jinoyat ishlari bo‘yicha, 21 ta fuqarolik, 6 ta iqtisodiy ishlar bo‘yicha va 4 ta ma’muriy sudlarga murojaatlar qabul qilindi.
Murojaatlarning qonunga muvofiq keladiganlari ijobiy hal qilindi va qolganlariga huquqiy tushuntirish berildi. Vaqt va jarayon talab qiladigan murojaatlar bo‘yicha hujjatlar, arizalar qabul qilinib, alohida nazoratga olindi.
Sodir qilgan jinoiy qilmishi uchun sud hukmi bilan probatsiya nazorati ostida jazo o‘tayotgan 23 nafar fuqaro Oliy sud raisi o‘rinbosari qabulida qilmishidan pushaymonligi, tegishli xulosa chiqarganligi, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tganligini, bundan buyon sog‘lom turmush tarzida hayot kechirishini bildirib, jazoning o‘talmay qolgan qismidan ozod qilishni so‘radi.
Tadbir davomida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarning sayyor sud majlislari tashkil etildi. Sayyor sudda har bir holat alohida ko‘rib chiqilib, murojaatlar ijobiy hal etildi. Ozodlikni cheklash va axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tayotgan 14 nafar mahkum jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilingan bo‘lsa, 9 nafar mahkumga nisbatan tayinlangan jazolar yengilrog‘i bilan almashtirildi.
Viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi.