Har bir murojaat ortida inson taqdiri bor

Ayni kunlarda Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasining sud-huquq masalalariga oid sayyor qabullari o‘tkazilmoqda.

Xususan, Oliy sud raisining o‘rinbosari B.Isakov boshchiligida sud tizimi xodimlari fuqarolarning murojaatlarini o‘rganmoqda. Sayyor qabulning birinchi kunida Samarqand shahar, Samarqand, Past Darg‘om va Nurobod tumanlaridan kelgan 402 fuqaro qabul qilindi.

 

Ularning 37 nafari arizalari joyida qanoatlantirilib, kassatsiya shikoyatlari Oliy sudda mazmunan ko‘rish uchun qabul qilindi, 6 nafar fuqaroning apellyasiya shikoyatlarini ko‘rib chiqilishi ta’minlandi, 63 nafar fuqaroning da’vo arizalari birinchi instansiya sudining ish yurituviga qabul qilindi. Shuningdek, 14 nafar fuqaroning turli mazmundagi arizalari qabul qilindi va ulardan 14 tasi joyida ijobiy hal etildi, 123 ta fuqaroga tegishli huquqiy tushuntirish berildi, 51 nafar sudlanuvchilarga nisbatan tayinlangan jazo turlari Jinoyat kodeksining 73-moddasi tartibida muddatidan oldin shartli ravishda ozod etildi.

Shu kabi qolgan fuqarolar murojaati ham qonun doirasida hal etildi.

 

Sayyor qabul davomida ayrim fuqarolar aliment undirilishi bilan bog‘liq muammolarini bildirdi. Bu masalada 39 fuqaroga aliment undirish haqidagi sud buyruqlari chiqarilib, ijroga qaratildi, 8 holatda sudlar tomonidan yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan fakt belgilanishi natijasida ularning ijtimoiy himoyasi bilan bog‘liq huquqlari tiklanib, ular pensiya olish huquqi tiklandi.

Shuningdek, 3 holatda ajralish yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan suhbat o‘tkazilib, natijasiga ko‘ra ular yarashtirildi, 2 holatda fuqarolarga ish haqlari undirib berildi, 12 holatda fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlar sayyor sud majlisida ko‘rib chiqilib, nizolar hal etildi.

Viloyat sudi Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi.