Sayyor sudda 45 kishi jazodan ozod qilindi
Samarqand viloyat sudi raisi O.Hayitov va viloyat ma’muriy sudi raisi T.Fayziyev Past Darg‘om tumani Xalq qabulxonasida fuqarolar bilan uchrashuv va sayyor qabul o‘tkazdi.
O.Hayitov bugungi sud-huquq islohotlari, qonunchilikdagi yangiliklar va o‘zgarishlar haqida tushuncha bergach, aholini qabul qilish boshlandi. Tadbir davomida 50 ga yaqin fuqaro, shuningdek, sodir qilgan jinoiy qilmishi uchun sud hukmi bilan ozodlikdan cheklash jazosini o‘tayotgan 19 nafar fuqaro hamda axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tayotgan 23 nafar fuqaro sayyor qabulda viloyat sudi raisiga murojaat qildi.
- Mamlakatimizda qonun ustivor, jinoyatga jazo muqarrar. Har kim qilmishiga yarasha jazosini olishi aniq, - dedi o‘z so‘zida O. Hayitov. – Biroq, qilmishining oqibatini anglab yetgan, pushaymon bo‘lgan, o‘ziga xulosa chiqargan shaxslarga hukumatimiz yengillik beryapti.
Shundan so‘ng sayyor sud majlisi tashkil etildi. S.Hojimamatovga nisbatan JIB Past Darg‘om tumani sudining 2020 yil 10 avgustdagi hukmi bilan 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Sayyor sudda u jazoning o‘talmay qolgan 1 yil muddatini o‘tashdan ozod etildi. A.Abduraimovga nisbatan JIB Bulung‘ur tumani sudining 2021 yil 19 yanvardagi hukmi bilan 1 yil 6 oy muddatga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlangan. Sayyor qabulda A.Abduraimov ushbu jazoni o‘talmay qolgan 1 yil muddatini o‘tashdan ozod etildi.
G.Ismoilova, A.Tilavov va M.Jumanov muayyan huquqdan mahrum qilish jazosini o‘tayotgan edi. Ular jazosining o‘talmay qolgan qismidan muddatidan ilgari ozod qilishni so‘rab bilan murojaat qildi. Sayyor sudda ularning ham murojaatlari o‘rganib chiqilib, ijobiy hal etildi.