Viloyat sudining Jomboyda o‘tgan sayyor qabulida 14 nafar mahkumga yengillik berildi

Samarqand viloyat sudi raisi Olim Hayitov Jomboy tuman “Zarafshon” MFY binosida fuqarolar bilan uchrashuv va sayyor qabul o‘tkazdi.

Dastlab, yig‘ilganlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda O.Hayitov bugungi sud-huquq islohotlari, tizimdagi so‘nggi yangilik va o‘zgarishlar haqida tushuncha berdi. Shundan so‘ng aholini qabul qilish boshlandi.

Tadbir davomida 30 dan ortiq fuqaro o‘z muammolariga yechim istab murojaat qildi. Shuningdek, sodir qilgan jinoiy qilmishi uchun sud hukmi bilan axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tayotgan 9 nafar fuqaro sayyor qabulda qilmishidan pushaymonligi, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tganligini, bundan buyon sog‘lom turmush tarzida hayot kechirishini bildirib jazoning o‘talmay qolgan qismidan ozod qilishni so‘radi. Xuddi shunday sodir qilgan jinoiy qilmishi uchun ozodlikdan cheklash jazosini o‘tayotgan 5 nafar mahkum sayyor qabulda jazoning o‘talmay qolgan qismidan ozod qilishni so‘rab murojaat qildi.

Barcha murojaatlarga alohida e’tibor qaratilib, ijobiy hal etilishiga harakat qilindi. Ayrimlari bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berildi.

Shundan so‘ng, jinoyat ishlari bo‘yicha Jomboy tuman sudi tomonidan sayyor sud majlisi tashkil etildi. Sayyor qabulda murojaat qilgan 14 nafar mahkumning murojaati alohida-alohida ko‘rib chiqildi. Ularning qilmishining oqibatini anglab yetganligi, pushaymon bo‘lganligi, o‘ziga xulosa chiqarib bundan keyin sog‘lom turmush tarzida yashashi haqida va’dalari inobatga olindi. Ularning murojaatlari ijobiy hal etildi.