Sayyor sudda sud hukmi bilan jazoni o‘tayotgan 16 nafar fuqaro ozod qilindi

Huquq targ‘ibotining turlari juda ko‘p. Ularning eng samaralisi aholi bilan yuzma-yuz uchrashib, suhbatlashish, ularni tinglash, qiynayotgan muammolarini hal etish choralarini ko‘rish, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib, huquqiy maslahatlar berishdir.

Viloyatlar aholisi uchun respublika Oliy sudi rahbariyati bilan uchrashish imkoniyati kam. Lekin ularning ham muammolari bor. Shuning uchun fuqarolar bilan yuzma-yuz suhbatlashish, ularning fikr-mulohazasini, muammolarini tinglash, muloqot qilish maqsadida sayyor qabullar tashkil etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 16 yanvardagi “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan Harakatlar dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida Respublika Oliy sudi raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov Samarqand viloyat sudida viloyat aholisi uchun sayyor qabul o‘tkazdi.

Sayyor qabulda murojaatlarni imkon qadar joyida hal etishga harakat qilindi. Vaqt, jarayon talab qiladigan murojaatlar bo‘yicha tushuntirish berib, ijrosi nazoratga olindi. Eng muhimi, hech bir murojaat e’tiborsiz qolmadi.

Unda jami 31 nafar fuqaro o‘z muammolariga yechim izlab murojaat qildi. Ularning jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy masalalar yuzasidan fuqarolar murojaatlari ko‘rib chiqildi.
31 ta murojaatdan 22 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berildi, 9 ta murojaat bo‘yicha arizalar Oliy sud tomonidan kassatsiya tartibida hal qilish uchun qabul qilindi.

Shuningdek, sodir qilgan jinoiy qilmishi uchun sud hukmi bilan jazoni o‘tayotgan 16 nafar fuqaro sayyor qabulda qilmishidan pushaymonligi, tegishli xulosa chiqarganligi, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tganligini, bundan buyon sog‘lom turmush tarzida hayot kechirishini bildirib jazodan ozod qilishni so‘radi.

Tadbir davomida sayyor sud tashkil etildi. Murojaatlarning har biri alohida o‘rganib chiqildi va tegishli qonuniy asoslarga ko‘ra ular jazoning o‘talmay qolgan qismidan shartli ravishda ozod qilindi.

Shuningdek, fuqarolik ishlari bo‘yicha sayyor sudda ish haqini, aliment undirish masalalaridagi murojaatlar o‘rganib chiqilib, murojaat asosliligi o‘rganilib, sud buyrug‘i chiqarildi va ijroga qaratildi. Ajrashish yoqasiga kelib qogan oilalar bilan suhbat o‘tkazilib, oila yarashtirish choralari ko‘rildi.

Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sayyor sudda da’vogar tadbirkorning 403.401.000 so‘mlik da’vo talablari qanoatlantirildi.

Yana ko‘plab fuqarolar turli masalalarda murojaat qildi. Har bir murojaatga alohida e’tibor qaratilib, ijobiy hal etilishiga harakat qilindi.

Samarqand viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi.