Mahalliy Kengashning ish rejasi shunchaki, tashkiliy hujjat emas
Avvalgi davrlarda bir shaxsning bir vaqtning o‘zida ham ijro, ham vakillik hokimiyatiga rahbarlik qilishi muayyan tarixiy sharoitda o‘z samarasini bergan. Chunki mustaqillikning dastlabki yillarida barcha jarayonlar uchun yagona mas’ul shaxs bo‘lishi davr talabi edi. Biroq bugungi kun voqeligi tubdan o‘zgardi: jamiyat ehtiyojlari kengaydi, hududlarni rivojlantirish masalalari ko‘p qirrali tus oldi.
Shu bois hozirgi bosqichda mahalliy Kengashlarning mustaqil vakillik organi sifatida faoliyat yuritishi, hokimliklarning esa ijro etuvchi hokimiyat sifatida aniq vazifalarga ega bo‘lishi — demokratik taraqqiyotning muhim ko‘rsatkichidir.
Kengash va hokimlik — yagona maqsad sari hamkorlik
Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari fuqarolarning istak-irodasini ifoda etuvchi organ sifatida hududiy muammolarni ko‘taradi, takliflar bildiradi va qarorlar qabul qiladi. Hokimlik esa ushbu qarorlarni hayotga tatbiq etadi, aniq loyihalar va dasturlar orqali ularni amaliy natijalarga aylantiradi.
Bunda o‘zaro munosabatlar raqobat emas, balki hamkorlikka asoslanishi zarur. Chunki har ikkala tomonning bosh maqsadi yagona — hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining turmush sifatini oshirishdir.
Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, hokimlarning Kengash sessiyalarida hisobot berishi, hududni rivojlantirishga doir istiqbolli dasturlarni taqdim etishi, deputatlarning ushbu hujjatlar yuzasidan savollar berishi va takliflar kiritishi boshqaruv jarayonlarini yanada ochiq va mazmunli qilmoqda. Bu jarayon faqat rasmiyatchilik bilan cheklanib qolmasdan, real muammolar muhokamasiga aylanishi muhim.
Shu jihatdan, bugungi kunda mahalliy davlat hokimiyati tizimini yanada takomillashtirish, vakillik organlarining real ta’sirini kuchaytirish masalasi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bunda tabiiyki, mahalliy Kengashlar faoliyatini aniq reglament, puxta ish tartibi hamda samarali rejalashtirish asosida tashkil etish muhim omil hisoblanadi.
Deputatlik nazorati va doimiy komissiyalar faoliyati
Aslida to‘g‘ri shakllantirilgan ish rejasi orqali deputatlarning sa’y-harakatlari bir maqsadga yo‘naltiriladi, doimiy komissiyalar faoliyati tizimga solinadi va qarorlar ijrosi ustidan samarali monitoring yo‘lga qo‘yiladi. Aks holda, ish rejaga formallik bilan yondashish deputatlik nazoratining sustlashishiga, faoliyatning yuzaki bo‘lishiga olib keladi.
Umuman, reja aholi ehtiyojlari, hududdagi tizimli muammolar hamda qonunchilikda belgilangan vazifalar asosida shakllantirilishi lozim. Takliflarni yig‘ish, ularni tahlil qilish, aniq ijrochilar va muddatlarni belgilash esa ish rejani real “yo‘l xaritasi”ga aylantiradi.
Shu ma’noda, mahalliy Kengash ish rejasi shunchaki tashkiliy hujjat emas. U deputatlik korpusi qaysi yo‘nalishlarga ustuvor ahamiyat berishini, ijro organlari ustidan qanday nazorat tadbirlari o‘tkazilishini belgilab beruvchi asosiy dasturiy hujjat hisoblanadi.
Sessiya — Kengash faoliyatining markazi
Sessiya — bu Kengashning “ish kuni”, hudud taqdiriga daxldor masalalar muhokama qilinadigan va tegishli qarorlar qabul qilinadigan asosiy maydon.
Sessiyalarda mahalliy byudjet va uning ijrosi, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari, ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining hisobotlari, nazorat-tahlil tadbirlari natijalari ko‘rib chiqiladi.
Darvoqe, sessiya kun tartibi — bu tasodifiy emas, balki puxta o‘ylangan, asoslangan masalalar ro‘yxati bo‘lishi lozim. Kun tartibini shakllantirishda takliflarni yig‘ish, masalalarni saralash, doimiy komissiyalar xulosasidan o‘tkazish va sessiyada tasdiqlash kabi bosqichlarga amal qilinadi.
Shu o‘riinda aytish o‘tish lozim, sessiyalar avvalida mahalliy Kengashlarning muhim organi - doimiy komissiyalar orqali mahalliy byudjet ijrosi, ijtimoiy soha, tadbirkorlikni rivojlantirish, ekologiya va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari tizimli tarzda ko‘rib chiqilmoqda.
Komissiyalar yig‘ilishlarida boshqaruv idoralarining choraklik va yillik hisobotlari eshitilib, hududning ijtimoiy-iqtisodiy holati aniq faktlar asosida tahlil qilinyapti.
Reglament — Kengashning ichki qonuni
Mahalliy Kengash o‘z faoliyatini reglament asosida amalga oshiradi. Reglament sessiyalarni chaqirish va o‘tkazish, kun tartibini shakllantirish, muhokama va ovoz berish tartibini belgilab beradigan muhim me’yoriy hujjatdir. Ya’ni, reglament — Kengashning ichki qonuni bo‘lib, u Kengash raisi, deputatlar va kotibiyat xodimlari uchun majburiydir.
Aynan reglament orqali sessiyaga tayyorgarlik ko‘rish muddati, deputatlarni xabardor qilish, materiallarni tarqatish, qarorlarni rasmiylashtirish kabi masalalar aniq tartibga solinadi. Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, reglament talablariga qat’iy amal qilingan joyda sessiyalar mazmunli o‘tadi, qarorlar puxta muhokama asosida qabul qilinadi.
Aksincha, reglament buzilishi qarorlarning qonuniyligiga shubha tug‘diradi, prokuratura ta’sir choralariga sabab bo‘lishi yoki sud orqali qarorlar bekor qilinishiga olib kelishi mumkin. Shu bois har bir deputat Reglamentni chuqur bilishi, Kengash raisi esa unga rioya etilishini qat’iy ta’minlashi zarur.
Amaliyotda hujjati tayyor bo‘lmagan masalalarni kiritish, muhim masalalarni kun tartibining oxiriga qoldirish yoki sessiya kuni o‘zgartirib yuborish holatlari uchrab turadi. Bunday yondashuv sifatsiz qarorlarga olib keladi. Shu bois kun tartibini deputatlar bilan kelishgan holda shakllantirish, har bir masalaga yetarli vaqt ajratish muhimdir.
Z.QARShIYeV,
xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashi raisi.