Jurnalistlarning ko‘zi o‘tkirmi?
Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filialida viloyatdagi ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun press-tur va tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Samarqand viloyati aholisi bilan birga respublikamizning boshqa viloyatlaridan keladigan bemorlarga ixtisoslashgan oftalmologik tibbiy hizmat ko‘rsatib kelayotgan filialda har yili o‘rtacha 8000 nafar yurtdoshimiz statsionar sharoitda davolanib, 38 ming aholiga ambulator tibbiy yordam ko‘rsatiladi. Yiliga 6000 ga yaqin jarrohlik amaliyotlari bajariladi.
– Bugungi kunda 130 o‘rinli shifoxona va 100 katnovga mo‘ljallangan poliklinikamizda 30 nafar yuqori malakali vrach hamda 60 dan ortiq hamshira faoliyat ko‘rsatadi, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali direktori Botir To‘xtayev. – Shifoxonamiz tarkibida bolalar, mikrojarrohlik, lazer, laboratoriya singari 7 bo‘lim, 5 ta operatsion blok mavjud. Barcha bo‘limlarimiz zamonaviy tibbiy asbob-uskuna va jihozlar bilan ta’minlangan. Jumladan, 4 turdagi lazer apparati, 5 ta zamonaviy mikroskop, 1 ta fundus kamera, 2 ta kogerent tomograf, 1 ta vitreoretinal jarrohlik aparati yordamida noyob jarrohlik amaliyotlari bajarilmoqda. Birgina 2025 yilda asoratli katarakta (Sin bog‘lamlari uzilgan gavhar kasalliklarida) IOLni skleraga tikish, vitreoretinal jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. O‘tgan yil davomida 1780 nafar bemorda bepul, davlat tibbiy sug‘urtasi asosida jarrohlik amaliyotlari bajarildi. Bu yil esa filialda yana ikki turdagi yuqori texnologik jarrohlik operatsiyalarini amalga oshirish yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun mutaxassislarimiz xorijda malaka oshirib keldi.
Press-turdan so‘ng ommaviy axborot vositalari vakillari filial mutaxassislari tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilib, ularga zarur tibbiy tavsiya va maslahatlar berildi.