Sayyor qabul samara berdi

Samarqand viloyati sudi raisi Olim Hayitov Past Darg‘om tumanida Past Darg‘om va Nurobod tumani aholisi bilan uchrashuv, davra suhbati va sayyor qabullar o‘tkazdi.

Tadbirda Past Darg‘om tumani sudlari sudyalari ham ishtirok etdi. Qabul jarayonida jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy masalalar yuzasidan fuqarolar murojaatlari ko‘rib chiqildi.
Dastlab, yig‘ilganlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda O.Hayitov qonunchilikdagi yangiliklar, davlatimizning bu sohadagi odilona siyosati haqida tushuncha berdi.

Shundan so‘ng sayyor qabul tashkil etildi. Qabulda jinoyat ishlari bo‘yicha 22 ta, fuqarolik ishlar bo‘yicha 11 ta va iqtisodiy ishlar bo‘yicha 2 ta murojaatlar bo‘ldi.

Past Darg‘om tumani Ag‘ron mahallasidan O.Mustafoyeva, Oqmang‘it mahallasida yashovchi Z.Jo‘rayeva, Bo‘ston mahallasida yashovchi M.Abdusattorova ishga tiklash masalasida, Shombuloq mahallasida yashovchi I.Rizayev tug‘ilganlik guvohnomasini olish to‘g‘risida, Beklar mahallasida yashovchi A.Abdunazarov uy-joyga egalik huquqini belgilash masalasida murojaat qildi. Murojaatlar yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi. Shuningdek, kredit, yer, nikoh, uy-joy, fermerlik, nafaqa va boshqa turli masalalarda murojaatlar bo‘ldi.

Sodir qilgan jinoiy qilmishi uchun sud hukmi bilan jazosini o‘tayotgan 19 nafar fuqaro sayyor qabulda qilmishidan pushaymonligi, tegishli xulosa chiqarganligi, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tganligini, bundan buyon sog‘lom turmush tarzida hayot kechirishini bildirib, jazoning o‘talmay qolgan qismidan ozod qilishni so‘radi. Shu yerda jinoyat ishlari bo‘yicha sayyor sud tashkil etildi. Unda har bir holat alohida ko‘rib chiqilib, murojaatlar ijobiy hal etildi.

Viloyat sudi Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi