Toyloq tumanida tan jarohati sabab olamdan o‘tgan yosh juvon voqeasini Senat tomonidan tuzilgan ishchi guruh o‘rgandi

Iyul oyida bo‘lgan bu holatda 30-31 yoshlardagi ayol tuman tibbiyot birlashmasiga keltirilgan. Muloqotga kirisholmagan ayolning qarindoshlari tomonidan u yashash xonadonida zinadan yiqilib, tan jarohati olganligi bildirilgan.

Tuman tibbiyot birlashmasining ma’lumotnomasida tanasida verpedrossperantravma (4-bo‘yin umumrtqasining siljishi) kabi tan jarohatlari bo‘lgan yosh juvon TTBning jonlantirish bo‘limida vafot etgan.

Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish bilan bog‘liq jinoyat sifatida ko‘rilayotgan holat bo‘yicha tuman IIB tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Oliy Majlis Senatining 2022 yil 5 avgustdagi qaroriga muvofiq, oila-turmush doirasidagi nizolar oqibatida sodir etilayotgan har bir og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni tahlil qilish, shu asosda ularni bartaraf etish va kelgusida oldini olishga oid masala yalpi majlisda muhokama qilish rejalashtirilgan.

Qarordan kelib chiqib, Senat qo‘mitasi tomonidan tuzilgan ishchi guruh a’zolari Toyloq tumanida bo‘lib, holatni tegishli mutasaddilar va mas’ul tuzilmalar mutaxassislari ishtirokida muhokama qildi.

Muloqotlarda jinoyatni yuzaga keltirgan sabab va shart-sharoitlar o‘rganilib, tegishli takliflar tayyorlandi.