Yoshlar o‘rtasidagi jinoyatlar ortgan, bunga sabab nima?

Viloyatimizda joriy yilning birinchi yarmida yoshlar o‘rtasida 494 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, o‘tgan yil mos davriga nisbatan 9,1 foizga oshgan.

Samarqand shahrida 101 ta, Past Darg‘omda 71 ta, Urgutda 45 ta, Payariqda 32 ta, Kattaqo‘rg‘on tumanida 30 ta, Narpayda 27 ta, Ishtixonda 26 ta, Nurobod, Oqdaryo hamda Toyloqda 23 tadan jinoyat sodir etilganligi sababli, ushbu hududlar kriminogen hudud bo‘lib qolmoqda.

Sodir etilayotgan jinoyatlarning sabablari, huquqbuzarliklarning oldini olish borasida hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida ayrim mahallalarda bo‘ldik.

Past Darg‘om tumani Qatorterak mahallasida yilning o‘tgan davri mobaynida 10 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, ularning 4 tasi yoshlar o‘rtasidagi huquqbuzarlikdir.

Bunga bir necha sabablar bor, - deydi mahalla raisi Otabek Rustamov. - Mahallamizda buyum bozori, dehqon bozori va taxta bozori joylashgan. Ayniqsa, ularning o‘rtasida “Afg‘on bozori” nomi bilan ataluvchi, tadbirkorlar o‘zboshimchalik bilan egallab olgan joy bor edi. Aprel oyida uning faoliyati to‘xtatildi. Bozor hududi va ko‘chalarga jami 120 ta kamera o‘rnatildi. May oyidan boshlab mahallada bironta jinoyat sodir etilmadi.

- Hududimizda yil boshidan beri yoshlar o‘rtasida 4 ta jinoyat sodir qilindi, - deydi mahalla yoshlar yetakchisi Abdumalik Quvondiqov. – 2 tasi o‘g‘rilik, biri bezorilik, biri yo‘l-transport hodisasi. Ammo bu huquqbuzarliklarda mahallamiz yoshlari ishtirok etmagan. Barchasi boshqa mahalla fuqarolari tomonidan sodir etilgan. Ana shunday ko‘ngilsizliklarning takrorlanmasligi uchun qo‘shni mahalla yoshlari bilan ham hamkorlikda ishlayapmiz. “Qalqon” guruhlari tashkil qilinib, ayniqsa, tunda reyd tadbirlari o‘tkazib kelinyapti.

Mahallada sodir etilayotgan jinoyatlar ko‘pligi sababli hudud “qizil” toifada.

- O‘tgan yilning 6 oyi davomida hududda 12 ta jinoyat sodir bo‘lgan, - deydi mahalla profilaktika inspektori Sirojiddin Saidmurodov. – Joriy yilning yarmida esa 10 ta huquqbuzarlik sodir etilib, 2 taga kamaydi, ammo bu bilan maqtanolmaymiz, albatta. Mahalla “qizil” toifada bo‘lgani uchun hududda huquq-tartibot maskani tashkil etildi. Bu Qatorterak va uning atrofidagi Kichiknayman, Temurxo‘ja hamda Yangiobod mahallalari uchun xizmat qiladi. Ya’ni, hududga biriktirilgan ichki ishlar organlari xodimlari, profilaktika inspektorlari birlashib, mahallalarda jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha ishlar olib boradi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Samarqand shahridagi Qorasuv massivida 4 ta mahalla mavjud. Ularning biri - Bahodir Yalangto‘sh mahallasida 4 ta jinoyat yoshlar o‘rtasida sodir etilgan, deb topilgan. Aslida esa vaziyat sal boshqacharoq ekan. Masalan, boshqa hududda bo‘lgan jinoyat shu mahallada sodir etilgan, deb ro‘yxatga kiritilgan.

- Sodir etilgan huquqbuzarliklarning aksariyati qo‘shni mahallalar hududida bo‘lgan, - deydi mahalla raisi Akbar Nurmurodov. – Mas’ullarning e’tiborsizligi sabab bu jinoyatlar Bahodir Yalangto‘sh mahallasida sodir etilgan, deya qog‘ozga tushirilgan. Tan olish kerak, mahallamizda birgina jinoyat sodir etilgan, u ham bo‘lsa boshqa hudud, ya’ni Oqdaryo tumani fuqarolari ishtirokida bo‘lgan. Aslida massivimizdagi barcha mahallaning tashvishini bizniki emas, deb aytolmaymiz, lekin ko‘pgina tushunmovchiliklar, mas’ullarning ro‘yxatga olishda qilgan xatolari tufayli kimningdir o‘rniga boshqa birov jabrlanyapti, zarar ko‘ryapti. Kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishdayam, soha mas’ullari, qurilish tashkilotlari vakillari e’tiborsizlik qilyapti. Bir mahallada qurilgan ko‘p qavatli uyning manzili, boshqa bir mahallada joylashgan, deb ko‘rsatilyapti.

To‘rt mahallani o‘z ichiga olgan yangi shaharchaning qay bir hududiga bormang, huquqbuzarlik sodir etilishi mumkin bo‘lgan holatlarga guvoh bo‘lasiz. Masalan, 80-maktabga eltuvchi ayrim ko‘chalarda piyodalar uchun yo‘laklar yo‘q. Borlari ham yaroqsiz, odamlar emin-erkin yurolmaydi. Ichki yo‘llarni qo‘ya turaylik, shaharchaning markaziy ko‘chalari ham avtomobillar harakatlanishi uchun noqulay. Massivda yashovchi aholi kechki payt dam olish uchun “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga boradi. Afsuski, bog‘da o‘rnatilgan chiroqlarning hech biri yoritish uchun xizmat qilmayapti. Qorong‘u bog‘da, chiroqsiz va yaroqsiz yo‘llarda huquqbuzarlik sodir etilmaydi, deb kim kafolat bera oladi?

- Mahallamizda 300 dan ziyod videokamera o‘rnatilgan, - deydi A.Nurmurodov. – Hududimizda ko‘p qavatli uylar soni ko‘pligi, aholi zich joylashgani uchun ham bu yetarli emas. Shuning uchun yana 55 ta kamera o‘rnatish rejalashtirilgan. Shuningdek, qorong‘u hududlarimizni yoritish choralari ko‘rilyapti.

Guvohi bo‘lganingizdek, bir hududda sodir etilayotgan jinoyat birgina mahallaga tegishli emas. Bunda barcha mas’ul tashkilotlar, ota-onalar, keng jamoatchilik vakillari vijdonan, bir yoqadan bosh chiqarib ishlamas ekan, ijobiy natijaga erishib bo‘lmaydi.

To‘lqin SIDDIQOV,

Dilnoza AHMADOVA,

Baxtiyor MUSTANOV (foto+video).