Jinoyat sodir etib, yashirinib yurgan 321 nafar shaxs ushlandi
2021 yilda Samarqand hududida 7 505 ta jinoyat qayd etilgan bo‘lib, 5 484 tasi 2021 yilda va 2 021 tasi oldingi yillarda sodir etilgan jinoyatlarni tashkil qildi. Jami qayd qilingan jinoyatning 6 854 tasi (91,3 foizi) fosh etildi. Oldingi yillardan fosh etilmasdan turgan 254 ta jinoyat ochildi.
Bu haqda viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i R.Mamatov xalq deputatlari viloyat Kengashining oltmishinchi sessiyasida aytib o‘tdi.
R.Mamatovga ko‘ra, viloyat hududida jinoyat sodir etib, sud va tergov idoralaridan yashiringan qidiruvdagi shaxslarning 321 nafari ushlanib, jazo muqarrarligi ta’minlangan.
Giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurashish borasida 687 ta jinoiy holatlar aniqlanib, 184 kilogram 587,11 grammdan ortiq giyohvand moddalari daliliy ashyo tariqasida olingan.
- O‘lim bilan bog‘liq yo‘l transport hodisalari viloyat bo‘yicha 25,6 foizga o‘sdi, - dedi sessiyada R.Mamatov. - Bugungi kunda piyodalarning yo‘lni belgilanmagan joyidan kesib o‘tishlari, haydovchilarning tezlikni oshirishlari, shuningdek, davlat ahamiyatiga ega avtomobil yo‘llari to‘liq sun’iy yoritilmaganligi, viloyatimiz markazini tumanlar bilan bog‘lovchi davlat ahamiyatidagi yo‘llarga qarama-qarshi yo‘nalishni ajratuvchi temir-beton to‘siqlar o‘rnatilmaganligi yo‘l transport hodisalarining kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda.
Viloyat bo‘yicha jami sodir etilgan 1129 ta yo‘l transport hodisalarining kelib chiqish sabablari quyidagicha: 444 tasi tezlikni oshirish, 122 tasi quvib o‘tish qoidalarini buzish, 136 tasi oraliq masofani saqlamaslik, 63 tasi uxlab qolish, 62 tasi piyodalarga yo‘l bermaslik, 11 tasi svetoforning ishorasiga rioya qilmaslik va 291 tasi boshqa sabablarga ko‘ra kelib chiqqan.