Paxtani bu yil kim teradi: Terim mashinalarining ulushi ko‘pmi yoki qo‘l mehnati?

Joriy yilning 13 avgust kuni Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan to‘qimachilik sohasida eksport imkoniyatlari va zaxiralarni ishga solish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari jahonda paxta kotirovkalari 2022 yildan boshlab pasayib ketayotgani klasterlar uchun muammo keltirayotgani, keyingi uch yilda narx tonnasiga 3 ming dollardan 1,5 ming dollarga tushganini qayd etdi.
Tadbirkorlar eski qarzini yangi hosil hisobidan bir-biriga ulab yopmoqda. Ushbu vaziyatdan chiqib ketish maqsadida 2022-2023 yillar uchun paxta xomashyosiga berilgan imtiyozli kredit 3 marta uzaytirildi, o‘tgan yilda paxta narxini tushirish uchun tonnasiga 1 million so‘mdan subsidiya berildi.
Davlat rahbari tijorat kreditidan 2,2 milliard dollar majburiyati bor bo‘lgan 144 ta korxonani sog‘lomlashtirish choralari ishlab chiqilishini bildirdi. Faoliyatini barqarorlashtirish mumkin bo‘lgan korxonalarning kredit muddati 7 yilgacha uzaytirib beriladi. Shuningdek, paxtani o‘z vaqtida, nobud qilmay terib olish uchun fermerlarga tonnasiga 1 million so‘mdan subsidiya beriladi. Korxonalar o‘z mablag‘i hisobidan paxta yetishtirsa yoki xarid qilsa, xomashyo qiymatining 10 foizi qoplab beriladi.
Hozirgi suv tanqisligi va iqlim o‘zgarishlari sharoitida paxta yetishtirish katta qiyinchilik tug‘diradi. Yer, iqlimga mos nav tanlash, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazish, suvni tejab, tomchilatish orqali sug‘orish va asosiysi, yetishtirilgan hosilni qisqa muddatda nest-nobud qilmasdan yig‘ishtirib olish lozim. Bu vazifalarning mas’uliyati o‘laroq, viloyatimizdagi 1791 ta fermer xo‘jaligi joriy yilda 60 ming gektar maydonda g‘o‘za parvarishladi. Viloyatda 261 ming tonnalik xirmon yaratish uchun fermer xo‘jaliklari, klaster korxonalari ishchilari va ko‘ngillilardan iborat 121,7 mingdan ortiq terimchini biriktirgan 690 ta terim otryadi shakllantirildi.
Viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, yetishtirilgan hosilni terib olish, 69 ta terim mashinasi, terimchilarni tashish uchun 353 ta, 1860 ta transport, 3267 ta tirkama jalb qilinadi. Terim mashinalari yordamida 27 ming gektardagi 130 ming tonnadan ortiq hosilni terib olish rejalashtirilgan.
Albatta, yig‘im-terim boshlangan kunlarda paxta hosili qancha tez yig‘ib olinsa, tola sifati shuncha yuqori bo‘ladi, fermerning daromadi-yu keyingi zanjirlarda va qayta ishlash bosqichlarida qo‘shilgan qiymat ham shuncha ko‘proq kengayadi. Yuqorida keltirilgan rejalardan kelib chiqadigan bo‘lsak, bu yil ham asosiy hosil qo‘l mehnati yordamida teriladi.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yili viloyatimizda dastlab qo‘lda terilgan har bir kilogramm paxta xomashyosi uchun 2000 so‘mgacha, mashina terimi uchun 1600 so‘mgacha haq to‘langandi. Klasterlar tomonidan fermer xo‘jaliklari yetishtirgan xomashyo uchun tonnasiga 6 million 800 ming so‘mdan qabul qilayotgan bo‘lsa, tayyorlangan har tonna xomashyo uchun davlat tomonidan 1 million so‘m subsidiya berilishi evaziga paxtaning tonnasi uchun xo‘jaliklar umumiy hisobda 7 million 800 ming so‘mdan haq olishi belgilangandi. Hozircha joriy yilgi qo‘lda yoki mashinada terilgan paxta xomashyosiga qanchadan haq to‘lanishi belgilangani yo‘q.
O‘ktam Xudoyberdiyev.