Paxta: Kattaqo‘rg‘onda ilk bor har gektar yerdan 34 sentnerdan hosil olindi, fermerlarning umumiy daromadi 60 milliard so‘mdan ortdi

Yaqinda bir davrada paxta yetishtirish, terib olish haqida gap bordi. Unda kimdir “Paxta ana endi haqiqatan ham oq oltinga aylandi”, dedi. Kattaqo‘rg‘on tumani hokimligi axborot xizmati “Tumanimiz fermerlari paxta sotish shartnoma rejasini bajardi”, degan xabarni telegram kanalimizga jo‘natganida shu gap yodimga tushdi.

Raqamlarga e’tibor qarataman: tumandagi 221 ta fermer xo‘jaligi hamda “Amina Gold” MChJ va “Kattaqurgan cluster” MChJlari tomonidan 10 ming 750 gektar yer maydonida g‘o‘za yetishtirilib, paxta to‘qimachilik klasterlari qabul punktlariga 36 ming tonnadan ortiq xom ashyo yetkazib bergan.

E’tiborlisi, rekord hosil ko‘tarilgan. O‘rtacha hosildorlik - 34 sentner. Daromad ham chakana pul emas, naqd 60 milliard so‘m. Buning ortida qancha sof foyda borligini tasavvur qilyapsizmi? Bir paytlar katta xarajat va mehnat evaziga 22-23 sentner hosil olgan fermer bu yil 37,5 sentner hosil olibdi.

“Paxtani oila a’zolarim, ishchilarim, mahalladoshlarim bilan terib oldik. Ortiqcha bir so‘m chetga ketgani yo‘q. Klaster paxtani “tarozidan urmay” yuqori navga sotib oldi. Nafaqat mening, ishchilarimning kayfiyati zo‘r, chunki qo‘limizda pul, hisob raqamimizda pul. Shu bois hozirdan kelgusi yil yana ko‘proq hosil olish uchun harkatni boshladik”.

Hammamiz eshitib, ko‘rib turibmiz. Kattaqo‘rg‘ondagi kabi fermerlar respublikamizda ko‘payayapti. Nima deymiz: qandingni ur, fermer, halol topganing yaxshi kunlaringga xizmat qilsin!