"Paxta-2023": Samarqandlik paxtakorlar dovondan oshdi

Bugun viloyatimiz paxtakorlari ulkan xirmon yaratdi. Oldilariga qo‘ygan maqsad - 265 ming tonnalik marrani zabt etdi.

Joriy yil bahorda 70 ming 414 gektar maydonga chigit qadagan paxtakorlarimiz bahorning injiqliklari va yoz faslining qurg‘oqchiligiga qaramay maydonlarda kutilgan hosil yetishtirdi.

2200 dan ortiq fermer xo‘jaligi va 18 ta paxtachilik klasterlari tomonidan yetishtirilgan hosilni qisqa muddatda yig‘ishtirib olish uchun 1671 ta terim otryadi tashkil etildi. Ularga 86,1 nafar uyushmagan aholi, 40,1 nafari fermer xo‘jaliklari va klaster korxonalarining ishchi-terimchilari jalb etildi. Shuningdek, bu yilgi mavsumda 32 dona terim mashinasi yordamida 57,5 ming tonna xomashyo yig‘ishtirib olindi. Asosiysi hosildorlik salmog‘i yil sayin ortib bormoqda. Misol uchun 2022 yilda paxtakorlarimiz har gektar mydondan 35,4 sentnerdan xomashyo tayyorlashgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich har gektar maydonga 37,7 sentnerni tashkil etdi. Bu albatta ilm va amaliyotning uyg‘unlashgani paxtakorlarimizning sohaga innovatsion g‘oyalarni tatbiq etish va hosildorlikni oshirish borasidagi izlanishlari natijasidir.