“Afsona” rostdan ham afsonaviymi?

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti olimlari tomonidan g‘o‘zaning iqlim sharoitimizga mos, suvsizlikka chidamli va serhosil “Afsona” navi yaratildi.

Ushbu nav o‘tgan yil Narpay tumanidagi “Maroqand sifat” klaster korxonasining 1,4 gektar yer maydonida sinovdan o‘tkazildi. Tanlangan joy Narpayning dasht hududi bo‘lib, yerlar nasos yordamida sug‘oriladi, ya’ni suv tanqisligi kuzatiladi. Bu yerda garmsel shamoli ham bo‘lib turadi. Shunga qaramay, bu navdan 35 sentnerdan oshirib hosil yetishtirildi.

Joriy yilda “Afsona” Oqdaryo tumanidagi “Samarqand” ilmiy tajriba stansiyasi hamda Kattaqo‘rg‘on tumanidagi nav sinash markazi dalalarida ishlab chiqarish sinovidan o‘tkazilmoqda.

– “Afsona” g‘o‘za navi boshqa navlarga qaraganda suvsizlikka chidamli va ertapisharligi, tola chiqimi 40 foiz hamda ixcham tuplanishga ega bo‘lgani sababli paxta terish mashinalarida yig‘ishtirib olishga qulayligi, suv tejamkor texnologiyalarni qo‘llagan holda ko‘chat sonini oshirish hisobiga hosildorlikni ko‘paytirish mumkinligi bilan boshqa navlardan ajralib turadi, – deydi Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti katta ilmiy xodimi, yangi nav muallifi Normo‘min Sanayev. – Shu paytgacha o‘tkazilgan tajribalar o‘zini oqladi va uni keng qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilmoqda.

“Kattaqo‘rg‘on” nav sinash markazi boshlig‘i Said Mardiyevning aytishicha, joriy yilda 4 gektar yerda “Afsona” navi ekilib, uch marta sug‘orilgan. Agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida amalga oshirilishi natijasida har gektarda o‘rtacha 45-50 sentnerdan hosil yetishtirildi.

– Yangi nav ekilgan g‘o‘za maydonlari “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi va Kattaqo‘rg‘on tumani bo‘limi, qishloq xo‘jaligi korxonalari mutaxassislari tomonidan tegishli tartibda chamalashdan o‘tkazildi, – deydi inspeksiyaning Kattaqo‘rg‘on tumani bo‘limi boshlig‘i Nurali Namozov. – Natijalar ijobiy. “Afsona”dan gektariga o‘rtacha 45 sentnerdan hosil olish mumkin ekan.

“Afsona” g‘o‘za navini viloyatning paxtachilikka ixtisoslashgan tumanlari dalalarida yetishtirish yuzasidan klaster korxonalari va fermer xo‘jaliklari raxbarlari ishtirokida Samarqandda o‘tkazilgan seminarda yangi navning afzalliklari, uni parvarishlash agrotexnikasi bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi.