Bu yil terimchilar qo‘li yaxshigina "pul ko‘rdi": ularga qariyb 226 milliard so‘m tarqatildi
Joriy yilda samarqandlik fermerlar va klaster korxonalari 75,3 ming gektar maydondan 244 ming tonna paxta xomashyosi tayyorladi. Bu - yaxshi natija. E’tiborlisi, yetishtirilgan hosilni terib olish uchun avvalgi vaqtlardan uch baravar kam - 130,5 ming terimchi jalb etildi.
Endi buyog‘iga e’tibor qarating: terim ishlariga byudjet tashkilotlari xodimlari, talabalar va boshqa soha vakillari jalb etilmadi. Hosil 31 ta paxta terish mashinasida va 130 mingdan ziyod terimchilar ko‘magida yig‘ib-terib olindi.
Terimchilarga birinchi terimda qo‘lda terilgan har kilogramm paxta uchun 1200 so‘mdan haq to‘langan bo‘lsa, ikkinchi terimdan har kilogramm hosil uchun 1500 so‘mdan, ayrim joylarda 2000 so‘mdan haq to‘landi.
Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgacha viloyatimizdagi 4 ta tijorat banki tomonidan terimchilarga 225 milliard 909 million 806 ming so‘m terim puli tarqatildi. Bunda birinchi terimda har kilogramm xomashyo uchun 1200 so‘mdan jami 176 milliard 654 million 308 ming so‘m haq to‘langan bo‘lsa, ikkinchi terimda 1500 ming so‘mdan jami 48 milliard 190 million 953 ming so‘m tarqatildi.
Bu har bir terimchi bir oydan oshiqroq vaqtda uyidan olis ketmagan holda o‘rtacha 1 million 731,1 ming so‘m daromadga erishganini bildiradi.
Shuncha vaqtda tumanlarda bundan bir necha barobar ko‘p daromadga erishgan oilalar ham bo‘ldi. Endi paxta yetishtirish, uni terib olish mashaqqatli va majburiy mehnatdan daromadli sohaga aylandi.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV.