Dehqon uchun paxta haqiqiy daromadga aylandi

Samarqandlik fermerlar salkam 244 ming tonna paxta yetishtirdi

Yaqingacha viloyatimiz paxtakorlari 75,5 ming gektar maydondan 215 ming tonna paxta xirmoni yaratish uchun mehnat qilishardi. Qaysidir yilda ko‘zlangan marraga yetilsa, boshqasida turli sabablar tufayli xirmon ko‘ngildagidek bo‘lmasdi.

Besh yil avval paxta tayyorlashda yangicha yondashuvga o‘tildi. Endi viloyatimiz paxtakorlari 75 ming gektar maydondan 215 ming tonna o‘rniga 243 ming tonna paxta xomashyosi tayyorlayapti. Jumladan, bu yil 75,3 ming gektar yerda g‘o‘za yetishtirgan fermerlarimiz 243 ming 600 tonnadan ziyod paxta xirmoni yaratdi.

Ana endi savol: qanday qilib, nimaning hisobiga bunday bo‘ldi? Buning ustiga byudjet tashilotlari xodimlari, talabalarni jalb etmasdan, boshqa mujburiy mehnatga yo‘l qo‘ymagan holda buni uddalash mushkul vazifa emasmi?

Birinchi sabab - agrar tarmoqning eng serdaromad sohasi davlatning “qanoti”dan chiqarilib, yangi tuzilma – klaster korxonalariga berildi. Bu korxonalar o‘z navbatida yerni shudgorlashdan tortib, xomashyoni qayta ishlashgacha bo‘lgan jarayonni qamrab oldi. Ya’ni, ular qancha ko‘p hosil olsa, qayta ishlasa, sotsa shuncha ko‘p daromad, foyda ko‘radi. Keyingi yillarda tizimdagi yangicha yondashuv samarasi davlatga ham, klasterga ham, dehqonga ham manfaat keltiryapti.

Bu klasterlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularga berilgan imtiyozlarning samarasi bo‘ldi.

Tan olaylik, paxta yig‘im-terimi majburiy mehnat bo‘lgan paytda respublika bo‘yicha 3,2 million tonnadan ortiq xomayosh tayyorlanmasdi. Buning ustiga xomashyoning xarid narxi 1 tonnasi 1,8 million so‘mdan oshmasdi. Yaqinda tarqalgan ma’lumotga ko‘ra, paxtakorlarimiz klaster korxonalariga 3,4 million tonna xomashyo sotishgan. Paxta xomashyosining 1 tonnasi uchun esa 2540 dollarga yaqin narx taklif etilmoqda. Bu esa dehqon endi qilgan mehnatidan “kosasi oqarib”, manfaatdorlik ko‘rayotganini bildiradi.

O‘ktam Xudoyberdiyev.