Tadbirkorlarga davlat mukofotlari va "Faol tadbirkor" ko‘krak nishoni topshirildi

Prezident Farmon va Farmoyishi bilan bir guruh tadbirkorlar davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Ular orasida 14 nafar samarqandlik tadbirkorlar ham bor.
Shu munosabat bilan viloyat hokimligida taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev mamlakatimizda tadbirkorlar uchun yaratilgan sharoitlar haqida gapirdi, undan samarali foydalanayotgan ishbilarmonlarni hamisha qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidladi.
Shundan so‘ng davlat mukofotlari va ko‘krak nishoniga munosib ko‘rilgan bir guruh tadbirkorlarga mukofotlarni topshirdi.
- Bu e’tirofni viloyatimizda tadbirkorlik muhitiga berilgan baho deb bilaman, - deydi Samarqand tumanidagi «Asia Carpet Textile» mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Feruz G‘aniyev. - Tadbirkorlarga berilayotgan imtiyozlar faoliyatimizda katta o‘zgarishlarga imkoniyat yaratdi. Biz faoliyatimizni yanada kengaytirib, ichki va tashqi bozorga sifatli mahsulot chiqaramiz.