Ibrali voqea: Ota

Mustafo merganning xotini o‘lib qoldi. Yuragi bir sanchdi-yu, xayrlashishga ham ulgurolmadi. Mustafoning boshi qotdi...
55 yosh qari desang, qariyammas, yosh desang, yoshammas. O‘g‘illarini uylantirgan, qizlarini chiqargan. Yurdi-yurdi, oxiri zerikdi, o‘ttizdan oshib, qirqqa yetmagan bir beva chiqqandi, bolalarining hay-haylashiga qaramay, shartta uylanib oldi. Uylanib to‘g‘ri qilgan ekan, hayoti jonlanib ketdi. Yuziga qon yugurdi, egni but, qorni to‘q, tanasi yayradi. Kunda-kunora yosh xotin bilan yetaklashib bozorga boradi, sarxil mevalardan oladi, kelinning ko‘ngli tusagan ko‘ylaklarni olib beradi, qiziq-qiziq hangomalar aytib, chaqchaqlashadi, joni boricha urinib, xotinining ko‘nglini ovlashga tirishadi.
Ammo... Katta qizi u yo‘qligida kelib, rosa janjal ko‘taribdi, “Nega onamni ko‘ylaklarini kiyding?”, deb yumdalabdi, yerga yotqizib uribdi, ustidagi kiyimlarini yirtib tashlabdi.
Mustafo avvaliga ishonmadi. Bu hol ko‘p bor takrorlandi. Qizi oxiri Mustafoning o‘ziga ro‘baro‘ bo‘ldi:
- Nega onam bilan biror marotaba bozorga yetaklashib bormagansiz? Nega onamning uzuklarini bu megajin taqib yuribdi? Onamdan qolgan sirg‘alarni nega bu qulog‘iga osib, hammaga ko‘z-ko‘z qiladi? Nega bunga har kuni bitta yangi ko‘ylak olib berasiz? Uyimizdan ketsin bu... Agar ketmasa o‘zim bo‘g‘ib o‘ldiraman!
- Qizim, men baxtli yashayotganimdan xursand emasmisan? Hammang uy-uyingga ketasan, men ovqatsiz qolib ketdim. Hech biring meni o‘ylamading, ustim kir, paypog‘im sasigan, o‘zim yuvdim, o‘zim choy qo‘ydim. Bilasan, onangni bir umr boshimda ko‘tarib yurdim. Lekin taqdir ekan, ayrilib qoldim. Bu ayolga ermakka uylanganim yo‘q, hali yashashga majbur ekanim uchun uylandim. Meni hurmat qilsang, uni hurmat qil, meni ovuntirib yurgani uchun unga rahmat ayt, yaqinda farzandli bo‘lamiz. Bu uyni shu o‘gay onangga xatlab beraman. Agar bu xonadondan oyog‘ing uzilishini istamasang, o‘gay onang bilan murosangni to‘g‘rilab ol. Yuzimga oyoq qo‘ymalaring...
Qiz murosaga ko‘nmadi. Mustafo mergan yo‘qligida ukalari bilan kelib, o‘gay onani to qornidagi bolasi tushguncha yumalatib tepdi. Mustafo mergan o‘n kun shifoxona ostonasida yotdi. Bolalarining qilmishi uchun o‘n kun qon yig‘ladi. Soqollari o‘sib, cho‘pday ozib ketdi. Bolalarining birortasiga qayrilib qaramadi.
Xotini ham o‘nglanmadi. Yana bir yilga yaqin yashadi. Ranggi sariq bo‘lib, bu yorug‘ olamni tark etdi. Mustafo tobut ortidan yalangoyoq, yalangbosh, kiyimining tugmalari qadalmagan aftoda holatda bo‘zlab bordi. Birinchi xotini o‘lganda jimgina ko‘z yosh to‘kkan bo‘lsa, bu xotini o‘lganda o‘kirib faryod chekdi. Uning dodu-faryodiga butun qishloq ahli yig‘ladi. Bolalari kiygazgan choponni loyga uloqtirdi. Ko‘kragiga mushtlab, yuzini timdalayverganidan, a’zoyi badani momataloq bo‘ldi.
Shundan so‘ng Mustafo mergan ko‘p yashamadi. Qabristonga oyoqyalang qatnay-qatnay qabr tepasida o‘ldi. Ertalab qabrni quchoqlab, tarashaday qotib yotgan holatda topildi.
Oradan yillar o‘tdi. Odamlar bu voqealarni allaqachon unutib yuborishgan bo‘lardi. Ammo bu voqeani bot-bot esga solib turadigan narsa shuki, Mustafoning o‘limidan so‘ng ko‘p o‘tmay, katta qizi bir qo‘l, bir oyog‘i shol bo‘lib, o‘n besh yil falaj yotdi. Mustafo aytganiday o‘limni orzu qila-qila Haqqa jon omonatini topshirdi. Xudo ham uning jonini o‘n besh yil olmadi. Qiz o‘n besh yil azobda yashadi. Ikki ukaning ham xotini o‘lib, o‘n besh yil, hech kim qiz bermadi.
Muhammad ISMOIL.