Ibratli voqea: Aka-ukalar
Ibrohim va Ilyosga hunarmand otalaridan kichkinagina hovli qoldi. Aka-ukaning ikkovi ham mehnatkash, kamsuqum, xuddi otalari singari halol, to‘g‘ri edi. Ammo nima bo‘ldi-yu, ishxonasidan kamomad chiqib, Ibrohim akaning bo‘yniga qo‘yildi.
Ibrohim aka tushundi – kimlardir yegan somsaning pulini unga to‘lattirishmoqchi. Nima ham qila olardi – osmon uzoq, yer qattiq. Ishdan bo‘shash-ku, mayli, ammo kamomadni qanday to‘laydi? Sotay desa, qo‘lga kiradigan boyligi yo‘q, xotini taqinchoqlarini sotib beraman degani bilan, uning puli ham hech qancha bo‘lmaydi. Shunday o‘ylardan ezilib yolg‘iz o‘tirganida: «Aka, uydamisiz?» deya ukasi ovoz berdi. «Kelaver», degan javobni eshitib, ichkariga kirdi, akasiga ro‘parama ro‘para o‘tirdi.
– Aka, «uchastka»ga xaridor topdim, puli kamomadni yopishingizga bemalol yetadi.
Ibrohim akaning kapalagi uchdi – nima deyapti ukasi? Hovlini sotishsa, ko‘chada qolishadi-ku! «Yo o‘zi tomonni qoldirib, biz tomonni sotamiz, deyaptimi?»
– Eslasangiz, poydevor quyilayotganda o‘ng tomondagi qo‘shni «aytgan pulingizni beraman, yeringizni menga soting», deb rosa yalingandi. U bilan kelishib qo‘ydim, bugun-erta pulni beradigan bo‘ldi...
Ibrohim akaning dimog‘iga nimadir tiqildi. Ukasi haqida hozirgina o‘ylagan o‘ylariga uyalib ketdi. Bechora Ilyos, necha yil yig‘inib sotib olgan, yaqinda Ibrohim aka, o‘zi va o‘g‘illari bilan poydevor quyishgan «uchastka»sini gapirayotgan ekan.
– Rahmat, uka, – deya oldi zo‘rg‘a. – Ammo...
Ibrohim aka bir pas o‘ylanib qoldi, keyin sekingina gap boshladi:
– Bizda-ku ikkita qiz, ortiqcha uyga ehtiyojimiz yo‘q. Lekin senga baribir joy kerak, oldingda ikki o‘g‘ilni uylantirish bor. Mayli, uchastkangni sotamiz. Keyinroq, Xudo bersa, o‘rniga joy olib beraman. Agar olib berolmasam, o‘tirgan uyimizni bo‘shatib, chiqib ketamiz.
Albatta, Ilyos bu gapga ko‘nmadi. Lekin akasi qaysarlik qilib turib olgach, noiloj «xo‘p» dedi. Shunday qilib, kamomad to‘landi, Ibrohim aka boshqa joyga ishga kirdi. Oradan bir necha yil o‘tdi, aka qizlarini uzatdi. Ikkala to‘yni ham «avval qarzingni uzmaysanmi, keyin to‘y qilmaysanmi?» degan gapni eshitib qolishdan cho‘chib, ming istihola bilan o‘tkazdi. Bu orada ukaning ham o‘g‘illari bo‘yiga yetdi. Lekin Ibrohim aka joy olib berolmadi. Ilyos hovlining ikki xona uy solsa bo‘ladigan ochiq joyi¬ga poydevor quyish haqida maslahat solganida, aka uyni bo‘shatishga ishora deb tushundi. Zotan, bu kelishuv uning o‘zidan chiqqan edi. Ibrohim aka shundan keyin bir joydan ijaraga uy topdi. Ammo iddao qilayotgandek ko‘rinmay deb ukasiga indamadi, hamma ish bitganda aytganim ma’qul, deb o‘yladi...
Kichik o‘g‘li Ilyosga telefon qilib: «Dada, tez keling, amakimlar ko‘chib ketishyapti», deganda oldiniga ishonmadi. Uyga yetib kelganida darvoza oldidagi yuk mashinasini, akasining ayvonidagi tugun-bo‘g‘chalarni ko‘rib gap nimadaligini tushundi. Ko‘zida yosh bilan uydan ayvonga narsa tashiyotgan yangasini, o‘zi tomon xijolatomuz tabassum bilan kelayotgan akasini ko‘rib ko‘ngli buzildi. Ibrohim akaning: «Uka», deb boshlagan gapini bo‘ldi:
– Aka, oxiratda Xudoyimga nima deb javob beraman?
– Bu nima deganing? Kelishuvimizga ko‘ra...
– Kelishgandik.?! Jondek akamga Sening roziliging uchun emas, qarzga pul bergandim, deymanmi? Bu ishni ko‘rganlar oqibat qolmagan ekan, silai rahm degan gaplar bekor ekan, demaydimi? Nahot meni sizdan pul yo joy talab qiladi deb o‘ylasangiz? Bolalagimiz o‘tgan uydan sizni chiqarib yuborib, kelin tushirish, to‘y qilish tatiydimi menga, aka?..
Aka-uka yangi quyilgan poydevor ustida yerga qaragancha o‘tirishar, akaning xotini lash-lushlar orasida tik turgan ko‘yi ko‘zyoshlarini artardi. Ilyosning xotini, uch o‘g‘li esa yuk mashinasiga joylab ulgurilgan narsalarni bir-bir amakilarining uyiga olib kira boshlashdi...
...Uy bitdi, hovliga kelin tushdi. Ilyos aka salomga chiqqan keliniga ayoli orqali uqtirdi: akamni «amaki» emas, «dada», desin...