Turmush chorrahalarida: Bir safar, ikki taqdir
Samolyot uchishiga hali ancha vaqt bor edi. Nazirjon kutish zalida o‘rindiqda safar xaltasiga yonboshlab mudrayotgan yigitning yoniga borib o‘tirdi.
- Kechirasiz, - yigit ko‘zini ochib, safar xaltasini tizzasiga olib, surildi.
- Vatanga birga uchar ekanmizda? - Nazirjon unga kulib razm soldi: “Aftidan ancha qiynalgan odamga o‘xshaydi”.
- Nasib bo‘lsa, to‘rt soatdan keyin Samarqandda bo‘lamiz, - yigit istamaygina javob berdi.
- Tanishaylik, ismim Nazirjon, - u qo‘lini yigitga uzatdi. - Gurunglashib ketamiz. - Xomush yigitning sal chiroyi ochildi.
- Men Fozilman, - yigit ham Nazirjonning qo‘lini oldi.
- Ana endi, gapiring, - dedi Nazirjon kulib. - Qay yumush bilan, qachon kelgandingiz, safar qanday kechdi?
- Ey, buning tarixi uzun, - dedi Fozil istamaygina.
- O‘zingiz-chi?
- Xalqaro konferensiyaga taklif qilishgandi. Qatnashib ketyapman. O‘zbekiston haqidagi ma’ruzamni qizg‘in qabul qilishdi. Xursand bo‘lib qaytyapman, - dedi Nazirjon.
- Kechirasiz, yoshingiz nechada?
- O‘ttizda, - dedi Nazirjon. - Nega so‘rayapsiz?
- Shunchaki qiziqdim-da, tengdosh ekanmiz, olimmisiz?
- Shunday desak ham bo‘ladi, yaqinda doktorlik dissertatsiyamni yoqladim, universitetda ishlayman, - dedi Nazirjon o‘ng‘aysizlanib. - U maqtanishni yomon ko‘rardi.
«Sen-chi? Sen kimsan?». Fozil o‘kinch bilan o‘tmishini ko‘z oldiga keltirdi. Universitetda oldi talabalardan edi, uchinchi kursga o‘tganida Salimga qo‘shildi-yu yo‘ldan ozdi. Salim kursdoshi boyvachchaning o‘g‘li edi. Hashamatli uyda ijarada turardi. O‘qishga qimmatbaho mashinada kelar, puldorligi bilan yigit-qizlarning ko‘zini kuydirardi.
- Do‘stim, qo‘y o‘sha yotoqxonangni. Kel, ijarada birga turamiz. Pulini o‘zim to‘layman, - dedi uchinchi kursga o‘tishganida Salim.
Fozil kelajakda olim bo‘lishni orzu qilar, ilmiy to‘garaklarda faol ishtirok etardi. Gazeta-jurnallarda chiqqan maqolalari bilan talabalar orasida tilga tusha boshlagandi. O‘qish, izlanish, dars tayyorlash uchun ijarada turish ma’qul tuyuldi. Harholda yotoqxonadagi shovqin-surondan tinch, hech kim bezovta qilmaydi… Rozi bo‘ldi.
- Universitetni bitirishimizga bir yil qoldi, - dedi Salim. - Shuncha o‘qiganing yetmaydimi? Qo‘y, kitobdan boshingni ko‘tar, jo‘ra, ketdik, o‘tir mashinaga, jononlar kutishyapti. Besh kunlik dunyoda yayrab qolaylik…
Fozil Salimning domiga tushib qolganini sezmadi. Uning bazmi jamshidlari Fozilni rom qildi. Endi oldingi o‘qishga havaslari so‘na boshlagan, darslarga qatnashish ham malol keladigan bo‘ldi. Oxirgi kursga o‘tish nasib etmadi, juda ko‘p dars qoldirilgandi. Salim ham, Fozil ham universitetdan haydaldi. Ko‘p o‘tmay, Salim qilgan bir jinoyati uchun qamalib ketdi. Ichkilikka berilib, xarob bo‘lgan Fozil ko‘cha-ko‘yda, bozorlarda daydib yurdi. Mana, endi chet mamlakatda jannat qidirib sanqiydi. Na oila, na bola-chaqa bor. Bir amallab uylangandi, ahvolini ko‘rib, xotini ham tashlab ketdi. Darbadarlik hukmini o‘tkazdi, sog‘lig‘idan ayrilib, yurtiga qaytyapti. Nega o‘shanda Salimga qo‘shildi, nega o‘qishdan voz kechdi? Agar to‘g‘ri yo‘ldan ozmaganida hozir Nazirjon kabi olim bo‘lmasa ham, odam bo‘lib yurmasmidi?..
- Fozil, sizga nima bo‘ldi. Xayol surib qoldingizmi yo tobingiz qochdimi? - Nazirjon uning qo‘ltig‘idan oldi. - Turing, vaqt bo‘ldi, samolyotga chiqamiz…
Tog‘aymurod Shomurodov.