Kasbiy ta’lim sohasida xitoyliklar bilan hamkorlik kelishuvlari imzolandi
Yaqinda viloyat oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib qaytdi.
Delegatsiya vakillari Xitoyning Pekin va Gansu viloyatlarida kasbiy ta’limni xalqaro standartlarga moslashtirish, zamonaviy o‘quv modellarini joriy etish hamda ilg‘or tajribalarni o‘rganish bo‘yicha qator muhim kelishuvlarni amalga oshirdi.
Delegatsiya dastlab Pekinda o‘tkazilgan “Belt and Road” doirasidagi CACIE 2025 xalqaro ta’lim konferensiyasida ishtirok etdi. Konferensiyada “Kasbiy ta’limni xalqaro darajada rivojlantirish va yuqori malakali kadrlarni tayyorlash” mavzusida muhokama olib borildi. Ushbu nufuzli tadbirda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida kasbiy ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Shu jumladan, O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma ta’lim markazlarini tashkil etish, “2+1” xalqaro o‘quv modeli asosida mutaxassislar tayyorlash, o‘qituvchi va mutaxassislarni xalqaro malaka oshirish dasturlariga jalb etish hamda WorldSkills Asia doirasida hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Boshqarmalar o‘rtasida ta’lim muassasalarini zamonaviy texnik baza va VR/AR laboratoriyalar bilan ta’minlash zarurligi ham alohida ta’kidlandi.
Tadbirlar davomida viloyat oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi, Xitoyning Sunmaker Training instituti hamda CIIC International Education Technology (Beijing) Co., Ltd. o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Memorandum raqamli kasbiy ta’lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, zamonaviy o‘quv materiallarini ishlab chiqish va WorldSkills standartlariga asoslangan o‘quv markazlarini tashkil etishni nazarda tutadi.
Hamkorlik doirasida 12 yo‘nalish bo‘yicha raqamli o‘quv resurslarini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Ushbu yo‘nalishlar qatoriga qishloq va o‘rmon xo‘jaligi, energetika va materiallar, qurilish, ishlab chiqarish, to‘qimachilik, oziq-ovqat va farmatsevtika, sog‘liqni saqlash, transport, elektronika va axborot texnologiyalari kabi sohalar kiradi. Shuningdek, ikki davlatda onlayn va oflayn formatda treninglar va seminarlar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Delegatsiya a’zolari Gansu qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kolleji hamda Gansu aloqa kasb-hunar kolleji faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Bu kollejlar Xitoyda agrar ta’lim va innovatsion texnologiyalar bo‘yicha yetakchi muassasalaridan biri hisoblanadi. Samarqand viloyati delegatsiyasi Gansu viloyatidagi ushbu ta’lim muassasalarining tajribasini o‘zbek kasbiy ta’lim tizimini modernizatsiya qilishda qo‘llashni maqsad qilmoqda.