Ekologiyaga bepisandlikda Samarqand yetakchilardan biri
Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati tarqatgan xabarda qayd etilgan.
Xabarga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan joriy yilning 1-yarmida 158 nafar sudlanuvchiga oid ko‘rilgan jinoyat ishlarining deyarli yarmi, xususan 26 foizi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda 23 foizi Samarqand viloyati sudlari hisobiga to‘g‘ri kelgan.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, tahlil davrida asosan hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzish (o‘tgan yilda 116 nafar, joriy yilning birinchi yarmida 77 nafar shaxs sudlangan) hamda ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish (2024 yilda 73 nafar, 2025 yilning birinchi yarmida 21 nafar shaxs sudlangan) kabi jinoiy qilmishlar sodir etilgan.
Mazkur statistik ko‘rsatkichlar yuqoridagi hududlar, ayniqsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Samarqand viloyatida mazkur toifadagi jinoyatlarni oldini olish yuzasidan qat’iy chora-tadbirlar ko‘rish lozimligini ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, tahlil davrida sudlar tomonidan ekologiya sohasi bilan bog‘liq 2 737 nafar shaxsga nisbatan 2 466 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rilgan bo‘lib, 2 478 nafar shaxsga nisbatan 2 235 ta ish bo‘yicha ma’muriy jazo qo‘llanilgan bo‘lsa, 259 nafar shaxsga nisbatan 231 ta ish yurituvidan tugatilgan.
Mazkur toifadagi huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarning yarmidan ko‘pi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari sudlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Xususan, joriy yilning birinchi yarmida 925 nafar shaxsga oid ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarning 20 foizi Samarqand, 13 foizi Toshkent, 12 foizi Buxoro viloyatlari hamda 11 foizi Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudlari hisobiga to‘g‘ri kelgan.