Ibratli voqea: ​​"Dada, zo‘r ish qildik-a!"

Bir kuni mashinamda 6 yoshli o‘g‘lim bilan ketayotib, yo‘lda ko‘p qavatli uy yaqinidagi paynetga pul to‘lash uchun tushdim. Qaytib kelsam, o‘g‘lim yig‘lab o‘tiribdi.

"Nima gap?", desam, "Dada, anavini qarang" dedi. Qarasam, yo‘l chetida kiyimlari eski bir kampir taxta ustiga narsa qo‘yib sotib o‘tiribdi. 

“Narsalarning sonini qarang, 2-3 ta nos paketi, 2 pachka donali sigaret. Boshqa hech narsa yo‘q”. 

"Xo‘sh, nima qilibdi?", desam, o‘g‘lim "O‘g‘li yo‘qmi momoning? Nega bu ahvolda, qorni ochdir? Dada, iltimos, mana shu pullarning hammasini shu ayolga beraylik", deb mashinam baridagi bir siqim pulimni ko‘rsatdi.

Nihoyatda ta’sirlanib, bolamning aytganini qilib, pullarning hammasini o‘sha ayolga olib borib, berdim. 

Ayol hang-mang bo‘lib qoldi. 

"Nima uchun?", degan savoliga men kulib, "Shu pulni sizga ilingan insonni duo qilsangiz kifoya", dedim. 

Ayol yig‘lab yubordi. "Ilohim, o‘sha odamning umriga baraka bersin, baxtli bo‘lsin, Alloh mukofotlasin", deya duo qilayotganida mening qay ahvolga tushganimni tasavvur qilavering. Ichim jimirlab ketdi. 

Mashinaga qaytib, yo‘lga tushdik. O‘g‘lim "Dada, zo‘r ish qildik-a", desa, men javob berolmay, boshimni silkitib qo‘ydim. Chunki ko‘zlarimda yosh, bo‘g‘zimga nimadir tiqilgan, ichimda esa "Shunday farzand bergan Allohga beadad shukr", deb aytayotgan edim.

Manba.