Samarqanddagi “RK-2” qozonxonasida rekonstruksiya ishlari vazir o‘rinbosari ishtirokida o‘rganildi

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva, "Issiqlikta’minoti" AJ boshqaruvi raisi Ilhom To‘rayev, Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Navro‘z Rahmonov va boshqa mas’ul tashkilotlar vakillari Samarqand shahridagi “RK-2” markaziy qozonxonasida amalga oshirilayotgan rekonstruksiya va modernizatsiya ishlarini ko‘zdan kechirdilar.
Unda loyiha doirasida olib borilayotgan qurilish-montaj ishlari, mavjud holat, istiqboldagi vazifalar hamda amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun, ushbu loyiha doirasida 39,4 km uzunlikdagi teng qobiqli issiqlik quvurlarini yotqizish, shuningdek, umumiy quvvati 100 Mvt bo‘lgan 3 ta zamonaviy qozonxona (2 ta — 30 Mvt, 1 ta — 40 Mvt) qurilishi belgilangan.
Loyiha yakunlangach, Samarqand shahrining “Sattepo”, “Sug‘diyona” va “Mikrorayon” hududlaridagi 22 ta ijtimoiy soha obekti, 381 ta ko‘p qavatli uy va ulardagi 18 ming 864 ta xonadon issiqlik energiyasi bilan ta’minlanadi. Bu esa jami 53 ming 46 nafar aholi uchun barqaror va samarali issiqlik ta’minotini yaratadi.
Mutasaddilar Samarqand viloyati "Issiqlik ta’minoti" MChJda ishchi-xodimlarning malakasini oshirish, shuningdek, ularga yaratilgan shart-sharoitlar bilan ham yaqindan tanishdilar. Kelgusi dolzarb vazifalarni sifatli amalga oshirish bo‘yicha tegishli mas’ullarga topshiriqlar berildi.