Dazmol uy, Baxtli tomchi va Ozg‘in sovg‘a: Dunyodagi eng tor binolar

Agar uy-joyingiz torligidan norozi bo‘lsangiz, ko‘z oldingizga kengligi 72 santimetr bo‘lgan uyda yashashni keltiring. Bunday uy isroillik yozuvchiga sovg‘a qilingan edi, biroq u bir necha haftadan keyin u yerdan qochib ketdi. Odamlar bundan tashqari yana qanday g‘ayrioddiy binolarni o‘ylab topishganini bilasizmi?

«Flatiron building» - Dazmol uy



Nyu-Yorkdagi Brodvey va 5-avenyu chorrahasida joylashgan noodatiy shakldagi «Flatiron building» binosi 1902 yilda me’mor Deniyel Byornem loyihasi asosida qurilgan.
Dazmol uy bir vaqtlar dunyodagi eng baland bino unvoniga ega edi. Aynan shundan so‘ng Nyu-Yorkda "Manxettenlashtirish" jarayoni - ko‘p qavatli binolar qurilishi avj oldi. 22 qavatli binoning balandligi 86,9 metr, uning minimal kengligi esa 2 metr keladi.

Skinny House: Uch metrlik qasos



Amerikadagi yana bir tor uy Bostonda joylashgan. Skinny House (ozg‘in uy) deb ataladigan uch qavatli uyning kengligi atigi 3,16 metr. G‘ayrioddiy bino 1862 yilda qurilgan.
Mahalliy afsonaga ko‘ra, ikki aka-uka marhum otasidan yerni meros qilib oladi. Biri fuqarolar urushida bo‘lganida, ikkinchisi o‘zi uchun katta va chiroyli uy qurib, birodariga arzimagan yer bo‘lagini qoldiradi. Mulkidan mahrum bo‘lgan askar qaytib kelgach, qasos olish maqsadida ozg‘in uyni qurib, akasini quyosh nuridan to‘sib qo‘ydi.
2021 yilda mashhur bino hatto sotuvga qo‘yildi. O‘shanda “Ozg‘in uy” 1,25 million dollarga baholangan edi.

High Cliff: Gonkong qoyasi

Gonkongdagi osmono‘par «High Cliff»ning balandligi 252, kengligi esa atigi 12 metr bo‘lib, bu nisbat deyarli 1 ga 20 to‘g‘ri keladi. Tuzilishi shunchalik nozikki, tayfunlardan himoya qilish uchun uning ustiga qo‘shimcha passiv amortizatorlar o‘rnatilgan.
Ichkarisida hashamatli turar-joylar, fitnes markazi va aholi uchun suzish havzasi joylashgan 73 qavatli qoya 2003 yilda qurilgan. «High Cliff» dagi 2-4 xonali kvartiralarning narxi 10-20 million dollardan boshlanadi.

«Lucky Drops» - Yaponiyadagi yer osti tomchilari

Gavjum Tokioda yerning har bir kvadrat santimetri oltinga teng. Demak, yer ostiga kirish vaqti keldi. «Atelier Tekuto» kompaniyasi loyihachilari noodatiy dizayndagi ixcham uyni o‘ylab topib, bu uylarni "baxtli tomchilar" deb atadi.
Yashash maydonining katta qismi yer ostida joylashtirilgan uyning balandligi 29,3 metr, birinchi qavatining kengligi 3,2 metr, yuqori qismidagi shift esa 70 santimetrdan oshmaydi.
Tashqi tomondan, uy ko‘proq kosmik kema yoki tor issiqxonaga o‘xshab ketadi. Biroq, qulay yashash uchun ichkarida hammom, dush va elektr energiyasi bor.

Keret House: nozikkina sovg‘a

Dunyodagi eng ozg‘in binolarning haqiqiy rekordchisi Varshavada joylashgan. Boshqa ikkita uy orasida qurilgan «Keret House»ning maksimal kengligi 122 santimetr, ba’zi joylari esa 72 santimetr.
Bu yerda yashash uchun lozim bo‘lgan elektr energiyasi, suv, kanalizatsiya va isitish tizimlari bor. Loyiha polshalik arxitektor Yakub Shesna tomonidan amalga oshirilgan. U o‘z ijodini Ikkinchi jahon urushi paytida Varshavada tug‘ilgan isroillik yozuvchi Edgar Keretga bag‘ishlab, uyni unga tortiq qildi. Lekin Keret bu yerda bir necha kungina yashadi.