Samarqand shahridagi Ma’rifat va Chilstun mahallalari yo‘liga asfalt yotqizildi
Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimovning Samarqand shahri aholisi bilan shahardagi “Yoshlik” istirohat bog‘ida o‘tkazgan sayyor qabulida Ma’rifat mahallasidan Mamatqul Sharipov ko‘chalarning ahvoli yaxshi emasligini aytib, hududdagi 11-umumiy o‘rta ta’lim maktabi va 6-maktabgacha ta’lim tashkilotiga boradigan yo‘lni, Chilstun mahallasida yashovchi Usmon Shakarov esa Afrosiyob ko‘chasi 5-torko‘chani asfaltlab berishda yordam so‘ragan edi.
Ushbu murojaatlar ijrosi viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi zimmasiga yuklatildi. Natijada boshqarma boshlig‘i Bahodir Negmatov holatni o‘rgandi va Samarqand shahar Kengashi deputati sifatida mutasaddi idoralar rahbarlariga deputatlik so‘rovi kiritdi. Shundan so‘ng qisqa muddatda ushbu ko‘chalarga asfalt yotqizildi. Bugun ushbu mahalla aholisi yo‘lsozlar va viloyat rahbarlaridan mamnun.
Samarqand viloyati uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi axborot xizmati.