"Yashirib yuravergan, hammasi yaxshi deb". Viloyat hokimi Oqdaryodagi loy ko‘chalar ahvoli tanqid qildi
Oqdaryo tumanidagi ko‘pgina mahallalarning ichki ko‘chalari achinarli ahvolda edi. Yozda chang, qishning yog‘ingarchilik kunlarida esa loy ko‘chalardan bolalar o‘qishga, kattalar ishga qatnardi. Aholining yuqori tashkilotlarga qayta-qayta qilgan murojaatlari bugun o‘zining samarasini bera boshladi.
Loy ko‘chalar sessiyada muhokama qilindi
Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining 55-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining viloyatdagi Xalq qabulxonasi mudiri Mamatjon Turdiyev axborotida 2021 yilda va joriy yil boshidan buyon eng ko‘p murojaat kommunal sohadan kelib tushganligi ta’kidlandi. Shuningdek, ayrim hududlar, xususan, Oqdaryo tumani qishloqlaridagi ichki ko‘chalarning ahvoli achinarli ekanligi aytildi.
Jumladan, tumanning «Temarak» mahallasidagi ichki ko‘chalarni ko‘rdik, - deydi M.Turdiyev. – Shu darajada achinarliki, yog‘ingarchilik bo‘lganda bu yo‘llardan na odam, na texnika o‘tib bo‘ladi, botib qoladi. Bu kabi ko‘chalar boshqa tumanlardayam bor.
Yil yakunigacha Oqdaryoda loy ko‘cha qolmasligi kerak
Bu gapni sessiyada viloyat hokimi E.Turdimov aytdi.
- Tumandagi barcha tuproq ko‘chalar shu yilning oxirigacha shag‘allashtirilishi kerak, - dedi viloyat hokimi. – Bu ishlarni bajarish uchun tumanning o‘zida barcha imkoniyat mavjud. Shag‘al bor, texnika bor. O‘zini hurmat qilgan mas’ullar bosh bo‘lib, orttirilgan byudjet mablag‘laridan yoqilg‘isini sotib olsa, obodonlashtirish boshqarmasi va yo‘llardan foydalanish korxonasi, shuningdek, tadbirkorlarning texnikalarini jalb qilib, hasharlar uyushtirilsa, muammoga yechim topiladi. Bu kabi masalalarga deputatlar bee’tibor bo‘lmasligi kerak.
Ko‘chalar obod bo‘lyapti
Bugungi kunda tumandagi loy ko‘chalarga shag‘al yotqizish ishlari boshlanib ketdi.
- Oqdaryo tumanining ichki yo‘llari 872 kilometrni tashkil etadi, - deydi tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi direktori o‘rinbosari Zarif Islomov. – 2022 yil 1 yanvar holatiga bu yo‘llarning 203 kilometri asfalt, 503 kilometr qismi shag‘allashtirilgan. Qolgan qismi esa tuproq ko‘chalardan iborat. Yil boshidan tuproq yo‘llarga shag‘al yotqizish ishlari davom etyapti. O‘tgan yanvar oyida tumanning “Oqdaryo”, “Temarak”, “Avazali”, “Bobur” va “O‘zbekiston” mahallalaridagi 20 kilometrga yaqin achinarli ahvoldagi ko‘chalarga shag‘al yotqizildi. Yil yakunigacha tumanimizdagi mavjud barcha loy ko‘chalar shag‘allashtiriladi.
Hokim yordamchisi ham hasharda
Yaqinda mahallalarda ish boshlagan hokim yordamchilari hududlarda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan fuqarolarga ko‘mak berish bilan bir qatorda, amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari bo‘yicha hasharlarda ham faol qatnashyapti.
- O‘zbekiston mahallasida 6 ta qishloq mavjud bo‘lib, 5 ta ko‘chamizga shag‘al yotqizilishi kerak edi, - deydi shu mahalladagi hokim yordamchisi Kamoliddin Po‘latov. – Keyingi uch kun ichida 4,5 kilometr masofadagi yo‘llar shag‘allashtirildi. Bugun-erta ishlar yakuniga yetkaziladi. Natijada hududimizda loy ko‘cha qolmaydi.
Simyog‘ochlar yonib ketgandi
O‘zbekiston mahallasidagi yana bir masala, ya’ni elektr energiyasi bo‘yicha aholini qiynab kelayotgan muammoga ham barham berilyapti.
- Uzoq yillardan beri bizni qiynab kelgan muammolar bosqichma-bosqich bartaraf etilyapti, - deydi Bolta qishlog‘idagi 73 yoshli otaxon Qo‘chqor Eshnazarov. – Eskirgan simyog‘ochlar yonib, xavfli ahvolda edi. Shu kunlarda qishlog‘imizga yangi transformator keltirib, o‘rnatildi. Simlarga osilib turgan simyog‘ochlar beton ustunlarga almashtirilyapti. Tashkilotchilardan minnatdormiz.
“Temarak”ka yana ne kerak?
Tumanning Temarak mahallasida 7 qishloq bo‘lib, 48 ta ichki ko‘cha bor. Shu paytga qadar mahalla yo‘llarining aksariyat qismi achinarli ahvolda edi.
- To‘g‘risi, yo‘l muammosi aholini uzoq yillardan beri qiynab kelardi, - deydi mahalla raisi Mansur Toshev. – Viloyat Xalq qabulxonasi mudiri Mamatjon Turdiyev bu muammoni o‘rganib ketgach, viloyat sessiyasida muhokama qilindi. Qisqa fursat ichida hududdagi 4,2 kilometr masofadagi ko‘chalar yaxshilandi. Endi Mullaxo‘ja qishlog‘idagi ichki ko‘chalarga ham shag‘al yotqizsak, achinarli ahvoldagi yo‘llarimiz qolmaydi. Mahalla binosini ham qayta qurishni tadbirkorlar bilan kelishib qo‘yganmiz. Boshqa muammomiz yo‘q. Qilinayotgan ishlardan xalqimiz xursand.
Esimni taniganimdan beri ahvol shu edi
Amalga oshirilayotgan ishlar bog‘cha va maktabga qatnaydigan bolalarning quvonchiga sabab bo‘lyapti. Temarak qishlog‘i ichki yo‘llarida bundan o‘n kun avval bolalar velosipedda tugul, piyoda zo‘rg‘a harakatlanardi.
- 63 yoshdaman, - deydi qishloq oqsoqoli Saydali Bo‘riyev. - Esimni taniganimdan beri ko‘chamiz asfalt u yoqda tursin, shag‘al ko‘rmagandi. Farzandlarimiz chang va loy ko‘chalardan maktab, bog‘chalarga qatnardi. Yo‘llarda yiqilib qolib, qaytib ketgan paytlari bo‘ldi. Shukrki, mana, ko‘chalarimizga shag‘al yotqizildi. Qishlog‘imizdagi tibbiyot punkti va bog‘chani mahalla markazi bilan bog‘laydigan ko‘chani asfalt qilish rejalashtirilyapti. Bu ishlarga bosh-qosh bo‘lgan mas’ullarga qishloq ahli nomidan minnatdorlik bildiraman. Ular ana shunday xayrli ishlarni boshlasa, biz ham qarab turmasdan hasharga otlanamiz.
***
Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan xalq rozi. Joylardagi bor imkoniyatlardan unumli foydalanib, ayrim xayrli ishlarni mas’ullar bosh bo‘lib boshlab bersa, qishloqlardagi samimiy, saxovatli insonlar chetda qarab turmaydi. Hasharga bosh qo‘shadi. Natijada ko‘pgina muammolar barham topadi.
To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov.