Oqdaryodagi 32-maktabga barcha viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rahbarlari keldi

Bugun Oqdaryo tumanidagi 32-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga respublikamizning barcha viloyatlaridan maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshliqlari, tuman mudirlari, maktab direktorlaridan iborat delegatsiya keldi. Prezident tashrifidan so‘ng Oqdaryo tajribasini o‘rganish maqsadida kelgan mehmonlar maktabdagi o‘qitish jarayonlari va kasb-hunar to‘garaklari bilan tanishdi.

Zoya Arzibayeva, Nukus tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiri:

– Har bir to‘garak rahbari bilan gaplashib chiqdim. Maktab to‘garak rahbarlariga bepul joy beryapti, ular esa ham shogird tayyorlab, ham mahsulotini bozorga chiqarayapti. O‘quvchilarni kasbga o‘rgatayotganidan ham maktab manfaatdor, ham tadbirkor foyda topayapti. Bizning tumanimizda 32 ta maktab va bitta Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktab bor. Hozircha bitta maktabda kasb-hunar o‘rgatish to‘garaklari tashkil etganmiz. Boshqa maktablarda ham bosqichma-bosqich yuqori sinf o‘quvchilarini kasb-hunarga o‘rgatishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtiryapmiz. Oqdaryo tumanidagi ushbu maktabdan ko‘p narsalarni o‘rgandim, ming marta eshitgandan, bir marta ko‘rgan yaxshi ekan.

Ilyos Jo‘rayev, Navoiy shahridagi 20-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori:

 - Keyingi yillarda o‘quvchilarni oliy ta’limga qamrash bilan birga ularni kasb-hunarga yo‘naltirishga ham Prezident tomonidan taklif va topshiriqlar berildi. Oqdaryo tumanidagi 32-maktabda fransuz tili ikkinchi chet tili sifatida olti oydan beri o‘quvchilarga o‘rgatilib kelinayotgan ekan. Aslida chet tili sifatida ingliz tili o‘rgatiladi. Maktabda har bir chet tili darsligining yonida davlat tilida yozilgan o‘zbek tilidagi tarjima joriy etilibdi. Maktabdagi kulolchilik, sandalchilik, me’morchilik, santexniklik, tikuvchilik to‘garaklarida o‘quvchilar ham kasb o‘rganib, ham pul topayotgani e’tiborni tortadi. Bu maktabdan olganlarimizni albatta o‘zimizda yo‘lga qo‘yamiz.

Respublikamiz bo‘yicha har bir hududdan kelgan seminar ishtirokchilari Oqdaryo tajribasi bilan yaqindan tanishdi. To‘garak rahbarlarini savolga tutib, bilmaganlarini o‘rgandi. Endi barcha maktablarda bosqichma-bosqich yuqori sinf o‘quvchilariga ikkita chet tili va bitta kasb-hunar o‘rgatish joriy etiladi.

Xurshida ERNAZAROVA.