Oqdaryoda tomorqachilikda nima o‘zgarish bo‘ladi, tuman tibbiyotida-chi?
Bugungi kunda tumandagi 35 ta mahallada 35 mingdan ortiq tomorqaga ega xonadon bo‘lib, ularda asosan parrandachilik, issiqxona, sabzavotchilik, hunarmandchilik hamda qo‘y va qoramol boqish yo‘nalishlari tashkil etilgan.
- Tomorqadan samarali foydalanish maqsadida mahallalarda tashkil etilgan yettilik tavsiyasi asosida 910 nafar ijtimoiy himoya muhtoj, turli daftarlarda ro‘yxatda turgan, yoshlar tanlab olindi, - deydi tuman hokimi Sherzod Qudratov. - Ularning har biriga fermerlar bilan kelishgan holda serhosil, yaxshi sug‘oriladigan yerdan 30 sotixdan, jami 610 gektar yer maydoni ajratildi. Shuningdek, mazkur hududlarda 7 ta suv nasosi o‘rnatildi.
Undan tashqari, “Bir mahalla - bir mahsulot” tamoyili asosida 3 ta eksportyor belgilangan. Jumladan, Primkent mahallasi xonadonlarida 123 gektar yer maydoniga kartoshka, loviya va pomidor ekish rejalashtirilgan. Mahallaga biriktirilgan "Usman afroil" MChJ ularni ko‘chat bilan ta’minlaydi. Shuningdek, mazkur korxonaga 12 ta mahalladan 280 nafar ishsiz yoshlar biriktirilgan bo‘lib, ularga 757,6 gektar maydon ajratib berilgan.
Tumandagi Zarafshon, Yangiobod, Oytamg‘ali mahallalarida eksportyor “Yangiravot shabnami” MChJ biriktirilgan bo‘lib, mahalladagi 1715 ta xonadonning 112 gektar yer maydoniga 4 million 480 ming tup pomidor ko‘chati yetkazib beradi. Mahsulot yetilguniga qadar holat korxonaning agronomi nazoratida bo‘ladi. Ushbu mahallalardagi tomorqalarda yetishtirilgan 7 ming tonnadan ziyod pomidor yetilgach, bozor narxlarida sotib oladi.
Tuman hokimligi mas’ullari hamrohligida tuman tibbiyot birlashmasida ham bo‘ldik. Bu yerda ma’muriyat, shoshilinch tez yordam, kattalar va bolalar bo‘limlaridagi qurilish-ta’mirlash, yangi tibbiy asbob-uskunalar bilan tanishdik.
- O‘tgan yili bo‘limimiz yangi binoga ko‘chib o‘tdi, - deydi tibbiyot birlashmasining shoshilinch tez yordam bo‘limi mudiri Doniyor Qurbonov. – Investitsiya mablag‘lari hisobidan o‘rnatilgan zamonaviy tibbiy uskunalar bemorlarga shu yerning o‘zida tashxis qo‘ymoqda.
Yangi binoda 295 o‘rinli jarrohlik, tug‘ruq, terapiya va bolalar bo‘limlari joylashgan bo‘lib, turli kasalliklar bo‘yicha davolanmoqda. Birlashmaga 13 ta eng so‘nggi rusumdagi raqamli asobob-uskunalar keltirib o‘rnatilgach, bemorlarni sarson bo‘lib, qo‘shni tuman yoki viloyat markaziga borib tibbiy ko‘rikdan o‘tib kelishlariga hojat qolmadi.
- Joriy yilda 46 mingdan ziyod 40 yoshdan oshgan hamyurtlarimizni skrining, qariyb 20 ming nafar ayollarni onkologik tekshiruvidan o‘tkazishni rejalashtirganmiz, - deydi tuman tibbiyot birlashmasi bosh vrachi o‘rinbosari Azimjon Qilichev. – Shuningdek, 96 nafar bemorda yuqori texnologik jarrohliklar o‘tkazamiz. Buning uchun xorijdan keltirilgan laporoskop, lor-kombayn kabi o‘ta noyob asbob-uskunalarga ega bo‘ldik. Ikkita vrachimiz ularni boshqarish uchun malakasini oshirib keldi. Endilikda bemalol shu yerning o‘zida o‘ta qiyin hisoblangan operatsiyalarni ham o‘tkaza olamiz.
Dilmurod TO‘XTAYeV.