Oqdaryodagi o‘quv sport texnika klubi yangi binoga ega bo‘ldi
Vatanparvarlik oyligi doirasida Oqdaryo tumanida O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining o‘quv sport-texnika klubining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti markaziy kengashi raisi H.Botirov, Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari Q.Achilov mamlakatimiz mudofaa salohiyatini yuksaltirishda “Vatanparvar” tashkiloti tizimidagi sport-texnika klublarining alohida o‘rni borligini ta’kidladi.
– Binoda innovatsion texnologiyalar bilan jihozlangan haydovchilikka o‘qitish uchun maxsus o‘quv xonalar, bir vaqtning o‘zida 30 nafar sportchining o‘q otish sporti bilan shug‘ullanishiga imkon beruvchi maxsus xona, mexanik va tibbiyot xonalari mavjud, - deydi Oqdaryo o‘quv sport-texnika klubi boshlig‘i Mirjalol Norboboyev. – Bu yerda yiliga 800 nafar avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash mumkin. Bundan tashqari, tumanimiz yoshlari sport-texnika turlari bilan shug‘ullanish imkoniyatlari kengaydi.
Tadbir doirasida Oqdaryo tumanidagi mahallalarda ijtimoiy daftarlarida ro‘yxatga olingan ehtiyojmand oilalarning farzandlariga haydovchilik kurslarida bepul o‘qish uchun sertifikatlar topshirildi. Sport texnika turlari bo‘yicha muvaffaqiyatlarga erishgan sportchi yoshlarga “Vatanparvar” tashkilotining faxriy yorliq va estalik sovg‘alari topshirildi.
- Harbiy xizmat o‘tab qaytganman, - deydi tumanning Paxtaobod mahallasida yashovchi Asadbek Xomidjonov. – Bugungi tadbirda sport- texnika klubida imtiyozli o‘qish imkonini beruvchi sertifikat berildi. Shu asosda haydovchilikka o‘qib, kelgusida harbiy yo‘nalishda ishga kirishni maqsad qilganman.
Tadbir doirasida oqdaryolik yoshlar uchun Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi tomonidan harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi o‘tkazildi.