Qo‘l mehnati har doim qadrli: Oqdaryolik hunarmand xonadonida
Oqdaryo tumanining Turon mahallasida yashovchi Maqsud Beknazarov ko‘p yildan buyon duradgorlik bilan shug‘ullangan bo‘lsa-da, yaqinda chitgarlik ishini boshladi.
- Bolaligimdan duradgorlikka qiziqardim, - deydi Maqsud. - Yigirma yilcha avval qishlog‘imizga yaqin bo‘lgan usta-duradgorga shogird tushib, hunar sirlarini o‘rgandim. Shu hunar ortidan daromad topib, usta nomini oldim. Uch yil avval Samarqand shahrida chitgarlik bilan shug‘ullanuvchi hunarmandga matoga naqsh solish uchun o‘yma qolip yasab berdim. Uning ishini ko‘rib, chitgarlik hunariga havasim tushdi. Bir yigitga qirq hunar oz. O‘ymakorlik qo‘limdan keladi, naqsh solishni bilaman, shu hunarni ham o‘rganishga astoydil kirishdim.
Paxta yoki ipakdan to‘qilgan matoga gul bosish sirtdan oddiy ko‘rinsa-da, aslida sermashaqqat ish. Bu jarayonda usta qolipdagi gullarni bir-biriga moslash orqali favqulodda nafis shaklu shamoyillar hosil qiladi. Shu sababdanmi, hunarmandning aytishicha, bu qadim ish bilan nafaqat viloyatda, mamlakatimizda ham sanoqli kishilargina shug‘ullanadi. Chitgarlar bo‘yoqni o‘zlari tayyorlaydi. Shubhasiz, bu hol ulardan muayyan kimyoviy jarayonlarni bilishni, uncha-muncha naqsh san’atidan xabardor bo‘lishni va sabr-toqatni talab qiladi.
- Chitgarlik birmuncha murakkab ish bo‘lganligi tufayli naqsh va dizaynerlikdan xabaringiz bo‘lishi kerak, ushbu nozik ishning barini o‘zim bajaraman, - deydi Maqsud. – Mahsulotlarimiz an’anaviy uslubda, qo‘l mehnati bilan tayyorlanadi. Boshqa gazlamalardan alohida xususiyati uning tabiiyligida. Matoga gul bosish uchun tayyorlanadigan bo‘yoqlar ham mutlaqo tabiiy. Turli tabiiy giyohlar aralashmasidan iborat bo‘yoqlar ba’zan tayyor bo‘lishi uchun uch oygacha vaqt ketadi. Shu sababdan mato eskirguncha xiralashmasdan, rangi o‘chmasdan saqlanadi. Tayyor holatga keltirilgan matodan tikuvchilarimiz turli bejirim liboslar, ayollar sumkalari tikadi. Buyurtmalar asosan Samarqand shahridaga hunarmandchilik mahsulotlari bilan savdo qiluvchi do‘konlardan bo‘ladi.
Bejirimligi, qo‘llanishda qulayligi va hamyonbopligi bilan chitgarlik matolariga o‘tmishda talab yuqori bo‘lgan. XIX asr oxiri XX asr boshlarida urf bo‘lgan bunday mahsulotlar sanoat gazlamalari paydo bo‘lishi bilan unutilgan edi. Yaqin yillarda esa bu kabi milliy hunarmandchilik mahsulotlariga yana talab oshdi.
- Bunga sabab yurtimizda turizmga katta e’tibor berilayotganidan, - deydi hunarmand usta. - Xorijliklar bizning milliy an’analarimizni o‘zida aks ettirgan hunarmandchilik mahsulotlarimizning tarixiyligi va tabiiyligini nihoyatda qadrlashadi. Hatto bir necha marta fransiyalik, yaponiyalik sayyohlar ustaxonamga kelib, kiyimboshlar, sharf, qo‘l sumkasi, turli naqshli buyumlarning tayyorlanish jarayoni bilan bevosita tanishdi.
Hunarmand tashkil qilgan sexda bugun 8 nafar qishloq ayollari ish bilan band.
- Bu ish farzand tarbiyasi, ro‘zg‘or yumushlaridan ajralmagan holda bajarish imkoni borligi bilan qulay, - deydi chitga solingan naqsh ustidan gul tikayotgan Umida Hamroqulova. – Uyimizga yaqin, ro‘zg‘ordan ortishim bilan shu yerga kelaman. Kuniga ishimga qarab, 80-100 ming so‘mgacha ish haqi olaman.
Yurtimizda sayyohlik sohasi rivojlanayotgani chekka hududlarda bu kabi qadimiy hunarmandchilik ishlarining qayta jonlanishiga turtki bo‘layotgani quvonarli. Bu bir tomondan aholining qo‘shimcha daromad topishida, shu bilan birga milliy an’analarimizni targ‘ib qilishda muhim ahamiyatga ega.
- Ba’zida yaltir-yultur buyumlarga uchganlar “Shuncha mehnat nega kerak, buni kim ham olardi?” deb shashtimni tushirmoqchi bo‘ladi, - deydi hunarmand yog‘och qolipda matolarga naqsh solar ekan. - Asl narsaning hamma vaqt o‘z xaridori bor. Shu hunarning ichida ulg‘aydim. Ishimiz yurishib, daromadimiz ham yildan-yilga ortib boryapti. O‘tgan yil oilamiz bilan shu hunar ortidan 100 milliondan ortiq daromad qildik, bir nechta xotin-qizlarning ro‘zg‘origa qo‘shimcha mablag‘ olib kirishiga sababchi bo‘ldik. Eng muhimi, hunarim ortidan mamlakatimizni dunyoga tanitishda ozgina bo‘lsa-da, hissam qo‘shilayotganidan faxr tuyaman.
Sulaymon Mardiyev,
Jasurbek Shukurov (surat).