Oqdaryo paxta terish mashinalari, transformator, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish
tuman hayotidagi shu kabi ayrim yangi fakt va raqamlar xususida suhbat
Aslida hudud boshqa ma’muriy birliklarga nisbatan daryoga yaqinligi, katta bo‘yida joylashgani, yer maydoni nisbatan ixchamligi bilan ajralib turadi. Ammo ijtimoiy-iqtisodiy ahvol va boshqa sohalar haqida gap ketganda ijobiy fikr bildirish nisbatan qiyin bo‘lganligi ham bor gap.
Muloqot davomida Oqdaryoda bir necha yildan buyon hokimlik qilayotgan Sherzod Qudratovdan ko‘pchilikni qiziqtiradigan bir necha savollarimizga javob oldik.
- Sherzod Asatovich, yaqinda tumandagi kichik sanoat zonasining bir qismi tugatilayotgani xabar qilindi. Holatni qanday izohlaysiz? Tuman mutasaddilarining sustkashligi oqibati emasmi, bu?
- Bugun ma’lum bir rahbarlik lavozimidagi har qanday odam shu jamiyat, shu xalqning bir vakili. Jumladan, men ham. Shu sabab, vatandoshlarimizdan bir narsani – u markaziy yoki hududiy hukumat bo‘ladimi, qaysidir qarori o‘zgartirilsa, bu aynan xatolik oqibati, sustkashlik sababli, degan xulosaga kelmasliklarini so‘rardim.
Bu gap Oqdaryo tumanidagi kichik sanoat zonalaridan birining ma’lum qismi tugatilishiga ham tegishli. Chunki, hududimizda 42,7 gektar yer maydoniga ega 6 ta kichik sanoat zonasi tashkil etilgan. Xususan, 14,1 gektar yer maydonida joylashgan “Dahbed” va “Boshdarxon” kichik sanoat zonalarida 35,9 milliard so‘mlik 12 ta loyiha amalga oshirilgan. Yaratilayotgan qiymat, mahalliy byudjetga tushumdan tashqari, ularda 294 kishi ish bilan ta’minlangan. Ushbu korxonalarda mebelchilik, qurilish materiallari ishlab chiqarish hamda boshqa sanoat turlari bo‘yicha mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Masalan, “Amonov mebel textil” oilaviy korxonasi tomonidan kattalar va bolalar uchun mebellar, “NEW PACK” mas’uliyati cheklangan jamiyati esa suv va yaxna ichimliklar, “HAKIM BOBO GRAND” mas’uliyati cheklangan jamiyati zamonaviy eshik-romlar tayyorlab, bozorga chiqarmoqda.
Jami 21 gektar maydonda yangi tashkil etilgan Amir Temur va Yangiqo‘rg‘on kichik sanoat zonalarida infratuzilma tarmoqlari shakllantirilishi bilan bog‘liq ishlar amalga oshirilmoqda. Infratuzilma talablari to‘liq shakllanishi bilan yer maydonlari auksion savdolariga chiqariladi.
Oddiyroq aytganda, tadbirkorlar uchun imtiyozli hudud sanalgan kichik sanoat zonalarida davlat tomonidan barcha sharoit yaratib beriladi. Lekin o‘z navbatida u byudjetga ortiqcha yuklama bo‘lmasligi ham muhim ahamiyatga ega. “Yangiravot” kichik sanoat zonasidagi 5 gektar, "Bozorjoy" mahalla fuqarolar yig‘inidagi 2,6 gektar yer maydoni yo‘l-transport va muhandislik kommunikatsiya infratuzilmasi hamda tuman markazidan uzoqligi uchun yangi infratuzilma yaratish xarajatlari yuqori. Ya’ni, bu kichik sanoat zonalari iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlamasligi hisoblab chiqildi hamda tegishli tashkilotlar bilan birgalikda tugatishga taklif berildi.
- Xitoyga uyushtirilgan xizmat safari davomida Oqdaryo tumani vakillari biron bir kelishuvlarga erishgani haqida o‘qimadik, eshitmadik...
- To‘g‘ri, bu masalada mas-mediada faollik ko‘rsatilmadi. Lekin Chin o‘lkasi bilan qator manfaatli ishlar amalga oshirilmoqda. Masalan, Xitoy Xalq Respublikasining Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoniga joriy yilning 22-27 iyul kunlari bo‘lgan xizmat safari davomida qiymati 500 million dollarga yaqin 30 dan ortiq kelishuvlar imzolangan. Bugungi kungacha memorandum imzolagan tadbirkorlik sub’yektlaridan 7 tasining vakillari tumanga kelib, galdagi vazifalar bo‘yicha fikrlashib ketdi.
Qayd qilish lozim, Xitoyga safarlarimiz o‘z natijasini bermoqda. Bugungi kunda 3 ta korxona tomonidan tadbirkorlik sub’yektlari ro‘yxatdan o‘tkazilib, hisob raqamlari ochilgan. Ular uchun yer va bino-inshootlar ijarasi hal etilib, asosiy faoliyat bo‘yicha ishlarni boshlab yuborishgan.
Misol uchun, janob Hu Yu Long tomonidan loyiha qiymati 2 million dollardan ortiq bo‘lgan qishloq xo‘jaligi texnikalarida xizmat ko‘rsatish loyihasi amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda iyul oyida “HYL AGRICULTURE MACHINE” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etilib, xorijiy investitsiyalar hisobiga terim mashinalari keltirilmoqda. Joriy yilda 1500 gektar yer maydonidagi paxta terim mashinalarida yig‘ib olinmoqda.
Pichoqchi mahallasida "T-Nats" korxonasi tomonidan qiymati 1 million dollarlik yondirgich (zajigalka) ishlab chiqarish loyihasining dastlabki bosqichi boshlandi.
Vu Lin Xonim bilan "LIN CAPITALS" qo‘shma korxonasi tashkil etilib, ichimlik suvlari va qop ishlab chiqarish loyihasi bo‘yicha "Urgut" erkin iqtisodiy zonasi "Chorbog‘-2" filialidan yer olish uchun hujjatlar rasmiylashtirilmoqda.
Umuman, tuman salohiyatidan kelib chiqib, sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish sanoati yo‘nalishlarida hamkorlik qilish choralari ko‘rilyapti. Xususan, Jangsu provinsiyasining “Jangsu Shuming Elektrik Ekipment” korxonasi tomonidan qiymati 5 million dollarlik loyiha asosida transformator ishlab chiqarish masalasi o‘rganilyapti. Bundan tashqari, “Jangsu Guyfeng Spetsialstel” korxonasi bilan qog‘oz ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Syuychjou provinsiyasidan “Jangsu Dongsheng Ekoligkal Agrikultur Development” korxonasi bilan imzolangan memorandum doirasida 16 million dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash loyihasi muhokama qilinmoqda.
Yana bir ma’lumot. Xizmat safari davomida Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonining Karamay shahri meri janob Chen Kayning taklifiga asosan ikki hudud o‘rtasida birodarlashish memorandumi imzolandi. Bu o‘z navbatida ikki tomon biznes vakillarning o‘zaro manfaatli hamkorlik qilishi uchun yana bir imkoniyat bo‘lishi shubhasiz.
- Davlat rahbari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda tumandagi iqtisodiy ko‘rsatkichlar yomonligini tanqid qilingan edi. O‘tgan davr mobaynida o‘zgarish bo‘ldimi?
- Prezident o‘tkazgan yig‘ilishda Oqdaryo tumani byudjetga soliq tushumlari kamaygan hududlar qatorida sanaldi. Aniqrog‘i, bizda ayni masalada o‘sish sur’ati past bo‘lgan. Bunda asosiy masalalardan biri shuki, 23 ta korxona 2023 yil 6 oyida byudjetga soliq to‘lovlari to‘lagan. Ushbu korxonalar joriy yilda qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan va to‘langan soliq to‘lovlari mahalliy byudjetga tushmagan.
Bundan tashqari, 80 ga yaqin korxona bankrot holatiga hamda ixtiyoriy tugatish jarayoniga tushgan.
Albatta, davlat rahbarining tanqidiy yig‘ilishidan keyin xulosa qilib, soliq tushumlariga aloqador bo‘lganlarga choralar ko‘rildi. Jumladan, 3 nafar hokim yordamchisi va 4 nafar soliq inspektori egallab turgan vazifasidan ozod qilindi. Bundan tashqari, 2 nafar hokim o‘rinbosari va 7 nafar soliq organi xodimi ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Asosiysi, yil yakuniga qadar tushumlarni 140 foizga bajarish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi. Jumladan, kam hajm ko‘rsatayotgan 324 ta tadbirkorlik sub’yektini qayta o‘rganish va muammolarini tizimli ravishda hal etib, 100 foiz quvvatda ishlashini ta’minlaymiz.
Norasmiy faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini legallashtirish orqali soliq bazasini kengaytirish ham asosiy masalalar sirasiga kiradi.
Bundan tashqari, 2083 yuridik shaxsning 22,7 milliard so‘m, 11 ming 288 nafar jismoniy shaxsning 11,1 milliard so‘m soliq qarzdorliklarini undirish choralari ko‘rilyapti.
Bugungi kunda ushbu qarzdorliklarni undirish bo‘yicha mahalla yettiligi bilan hamkorlikda tizimli ishlar olib borilmoqda. Undirilgan tushumdan bir qismi mahalla byudjetiga qolishi va hududlarning iqtisodiy rivojlanishiga ishlatilishi belgilangan.
- Hududlar toifalarga ajratilgan vaqtlarda ham tuman yaxshilar toifasiga kirmagan. Shu ma’noda so‘nggi yillarda tuman iqtisodiyotida amalga oshgan qanday yangiliklarni sanash mumkin?
- Rost, bundan 5-6 yillar avval, ya’ni 2018-2019 yillarda tumanimiz iqtisodiyoti ko‘pam yaxshi bo‘lmagan. Lekin 2021 yildan boshlab iqtisodiyot bilan bog‘liq biron bir soha qizil toifaga tushmadi.
Tuman iqtisodiyoti so‘nggi yillarda sezilarli o‘sdi, deyishga asoslarimiz bor. Jumladan, 2024 yil 1 yanvar holatiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 717,5 milliard so‘mni tashkil etib, 2022 yil avvaliga nisbatan 121 foizga oshgan. Bugungi kunda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish aholi jon boshiga 4,2 million so‘mni tashkil qilmoqda.
Shuningdek, xizmatlar ko‘rsatish 965,9 milliard so‘mni tashkil etgan va 2022 yil boshiga nisbatan 150 foizga oshgan. Bugungi kunda xizmatlar ko‘rsatish aholi jon boshiga 5,7 million so‘mni tashkil qilmoqda.
Tumanning asosiy drayveri - qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish 3 trillion 307 milliard so‘mni tashkil etgan. Aholi jon boshiga 19 million so‘mdan to‘g‘ri kelmoqda. Yetishtirilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlarining viloyatdagi ulushi 6,5 foizni tashkil qilishi soha salmog‘ini ko‘rsatib turibdi.
Yana bir ma’lumot, olti oylik asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga ko‘ra, Oqdaryo 16 shahar va tuman ichida sanoat sohasida 8-o‘rinda, chakana savdo aylanmasi bo‘yicha 7-o‘rinda, jami xizmatlar bo‘yicha 6-o‘rinda, qishloq xo‘jaligida 3-o‘rinda qayd etildi.
Muxtasar aytganda, yurtimizda tadbirkorlarga yaratilayotgan qulay sharoitlar, berilayotgan imtiyoz va preferensiyalar natijasida tuman iqtisodiyotining o‘sish sur’ati bo‘yicha viloyatning ilg‘or tumanlaridan biriga aylanmoqda.
- Albatta, yuqorida keltirilgan fakt va raqamlar bevosita bo‘lsa-da, aholining turmush tarziga aloqador emas. Shu jihatdan, suhbatimizni aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi haqida davom ettirsak. Chunki mazkur masalada Oqdaryo tumani viloyatda eng past ko‘rsatkichga ega ekanligi haqida eshitgandim.
- To‘g‘ri, nisbatan ixcham hudud bo‘lganiga qaramasdan uzoq yillar hududda aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasiga jiddiy e’tibor qaratilmagan. Misol uchun, 2021 yilda ham aholining ichimlik suvi bilan ta’minlangan darajasi 31,4 foizni tashkil qilgan. Bugungi kunga kelib bu ko‘rsatkich 52,7 foizga yetdi. Birgina joriy yilning o‘tgan davrida tumanda 14 ming 832 xonadon, ya’ni 70 ming aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Buning uchun 53 ta (8 tasi nosoz) suv inshooti va 169 kilometr (4 kilometr nosoz) tarmoq ishga tushirildi.
Joriy yilning 3-choragi yakuniga qadar 5 ta maktab hamda 3 maktabgacha ta’lim tashkilotini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida alohida suv inshooti (mavjud suv inshootiga ulanadi) va tarmoq tortilishi belgilangan.
Shuningdek, Oqdaryo mahallasi Butanosh-1 qishlog‘ida suv inshooti va 2,2 kilometr tarmoq tortish, qurilish-montaj ishlari belgilangan. Shu kunlarda Oytamg‘ali qishlog‘ini ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 3,6 kilometr tarmoq yotqizib, 150 xonadonni ilk bor toza ichimlik suvi bilan ta’minlash ishlari amalga oshirilmoqda.
- Avvalroq tuman markazidagi yoyma savdo joylari ijtimoiy tarmoqlarda tanqid qilingach, mutasaddilar “Ekobozor” ochilishini bildirgan edi. Biroq o‘tgan vaqt davomida mazkur loyiha taqdiri noma’lumligicha qoldi...
- To‘g‘ri, bir necha yil avval haqiqatdan bozor hududida yoyma savdo nuqtalari bor edi va bir necha bor ijtimoiy tarmoqlarda tanqid qilingan edi. Shundan so‘ng bozorni tuman markazidan tashqariga olib chiqish masalasi rejalashtirilgandi. Ammo aholining talab va istaklarini inobatga olib, bozorni joyida qoldirish va zamonaviy shart-sharoit yaratish belgilandi. Shundan so‘ng, bozor infratuzilmasini zamonaviylashtirish borasida amaliy ishlarga kirishildi.
Jumladan, buyum bozori hududidan yangi zamonaviy usti yopiq rastalar qurildi. 177 ta savdo do‘koni ta’mirlandi. Yog‘ingarchilik kunlarida bozor hududida oqova suvlar to‘planishi muammo bo‘lib kelayotgan edi, suv chiqish lotoklari o‘rnatildi. 250 kValik yangi transformator qo‘yilib, elektr ta’minoti yaxshilandi, ikkita suv nasosi o‘rnatildi
Bundan tashqari, buyum bozoriga qarashli Yangiqo‘rg‘on filialida 238 ta savdo o‘rniga mo‘ljallangan yangi rastalar bunyod etilib, bozorning 7000 kvadrat metr hududiga asfalt va 3000 kvadrat metr hududiga shag‘al yotqizildi. Shuningdek, aholiga yanada qulayliklar yaratish maqsadida dehqon bozori hududida maydoni 320 kvadrat metr bo‘lgan avtoturargoh qurildi. Bozorning savdo rastalari to‘liq qayta ta’mirlanib, go‘sht mahsulotlari sotish pavilonlari sanitariya talablari darajasida qayta ta’mirlandi.
Bir so‘z bilan aytganda, bozorlarimizda zamonaviy qiyofaga ega bo‘lib, sotuvchi va xaridorlarga qulay sharoitlar yaratilmoqda.
- Hududiy Kengash tashabbusi bilan odamlar hayotida o‘zgarish yasagan qanday o‘zgarishni ayta olasiz? Kengash, aniqrog‘i, deputatlarning jamiyat hayotidagi o‘rni va rolini oshirish uchun tumanda qanday ishlar amalga oshirildi?
- Deputatlarning asosiy va eng katta ishi, bu byudjetni taqsimlash, orttirilgan daromadlarni yo‘naltirish bo‘lib, birgina 2024 yilning birinchi yarim yilligida “Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi”ga birinchi mavsum uchun 2 milliard 277 million 893 ming so‘m mablag‘ ajratildi. Shuningdek, I chorak daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismi hisobidan salkam 227 million so‘m mablag‘, II chorak daromadlar rejasini oshirib bajarilgan qismi hisobidan 602 million 909 ming so‘m mablag‘ “Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi”ga ajratildi.
Bundan tashqari, deputatlar taklif va tashabbuslari bilan 1 yanvar holatiga hosil bo‘lgan tuman mahalliy byudjetining erkin qoldiq mablag‘lari hisobidan tuman mudofaa ishlari bo‘limi binosini ta’mirlash hamda jihozlash uchun, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi binosi hamda 43-son madaniyat markazini joriy ta’mirlash uchun mablag‘ ajratildi.
Aholi o‘rtasida deputatlar o‘tkazgan sayyor qabullarda tushgan murojaatlar asosida mahallalardagi ichki tosh yo‘llardan 17 kilometri asfaltlashtirildi, qishloqlardagi 32 kilometr tuproq yo‘llar shag‘allashtirildi. Tumanning O‘zbekiston mahallasidagi Qozoqxo‘ja qishlog‘ini Payariq tumani bilan bog‘lovchi Oqdaryo ustidan o‘tgan ikkita ko‘prik hamda Istiqlol mahallasini Past Darg‘om tumani bilan bog‘lovchi, Qoradaryo ustidan o‘tgan ko‘prik yangidan qurildi.
Yoqubjon MARQAYeV suhbatlashdi.