Oqdaryoga avtobus qatnovi qo‘yiladimi?
Samarqand shahriga elektrobuslar olib kelingach, ayrim yo‘nalishlardagi «Isuzu» avtobuslarini tumanlarga yo‘naltirish rejalashtirilgan edi. Shahar yo‘nalishlari uchun elektrobuslar kelgani haqida o‘qiyapmiz. Xo‘sh, endi tumanlarda, jumladan, Oqdaryoda avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yiladimi?
D.O‘tamurodov.
Oqdaryo tumani.
Samarqand shahar jamoat transportining Bosh rejasiga asosan, barcha yo‘nalishlarni qamrab olish uchun 452 ta jamoat transporti kerak bo‘ladi. Hozirda yangi avtobus va elektrobuslar soni 228 taga yetkazildi. Shu paytgacha ishlab kelgan “Isuzu” rusumli avtobuslar bilan birgalikda 350 ta transport vositalari yo‘lovchilarga xizmat qilmoqda.
Shahar jamoat transporti yo‘nalishlari to‘liq yangi o‘rta va katta sig‘imli avtobuslar bilan ta’minlansagina, “Isuzu” rusumli avtobuslar tadbirkorlarga shahar atrofi yo‘nalishlarida faoliyat yuritishi yuzasidan takliflar beriladi va ochiq tenderlar asosida joylashtiriladi.
Samarqand viloyat transport boshqarmasi.