“Boqiy shahar” atrofida yo‘lovchilar uchun bekatlar quriladimi?
Samarqand tumanidagi Jo‘yisoy mahallasida yashayman. Hududda bir necha yildan buyon yo‘lovchilar uchun avtobus bekatlari o‘rnatilmagani bois ushbu murojaatni yo‘llayapman.
Ko‘chalarimiz ta’mirlangan bo‘lsa-da, yo‘lovchilar yozda oftobda, qishda qor-yomg‘ir ostida avtobus yoki taksi kutadi.
Samarqand xalqaro turizm markazi, “Boqiy shahar” jahon miqyosida o‘tkazilayotgan turli anjumanlarga mezbonlik qilmoqda va bu yerga kelayotgan sayyohlar soni ham ortyapti. Albatta, bu quvonarli hol. Biroq shu hududda istiqomat qiluvchi aholi uchun avtobus bekatlarining hanuzgacha o‘rnatilmayotgani bizni ranjitmoqda.
Biz Samarqand shahridagi Panjakent va Abdurahmon Jomiy ko‘chalari chorrahasida ixcham va to‘rt yoki besh o‘rindiqli bekat namunasini ko‘rdik. Ushbu turdagi ixcham bekatlarni bizning hududda ham qo‘yishga hech qanday to‘siq yo‘q, deb o‘ylaymiz.
“Boqiy shahar”dan Samarqand shahridagi 65-umumta’lim maktabigacha bo‘lgan yo‘nalishda harakatlanuvchi 77, 66, 60 va 3-avtobuslar to‘xtash joylarini o‘rganib chiqishni hamda ixcham bekatlar o‘rnatib berishingizni so‘raymiz.
Samarqand tumanining Qo‘shtamg‘ali, Jo‘yisoy va Qoziariq mahallalarida istiqomat qiluvchi aholi, jumladan, farzandlarimiz, nevaralarimiz har kuni mazkur yo‘nalishda ishga, o‘qishga hamda boshqa yumush bilan hududlarga boradi. Shu bois mutasaddilardan ushbu muammoni hal qilib bersalar yaxshi bo‘lardi.
Firdavs Boltayev, pensioner.