Urgutdan Universitet xiyobonigacha zamonaviy avtobuslar qatnaydi

15 yanvar kuni telegram kanalimizda «Zamonaviy avtobuslar tuman yo‘nalishlarida ham qatnaydimi?» sarlavhali maqola e’lon qilingan edi.

Ushbu maqola yuzasidan viloyat transport boshqarmasi munosabat bildirdi. Unda shunday deyiladi:

“Bugungi kunda Samarqand shahrida jamoat transportini rivojlantirish borasida sezilarli darajada natijalarga erishildi. Shahar jamoat transportini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida transport bosh rejasi ishlab chiqilib, amaliyotga tadbiq etilganligi, unda belgilangan yo‘nalishlarga zamonaviy talablarga javob bera oladigan avtobuslar joylashtirilganligini qayd etish lozim.

Mazkur transport bosh rejasida Samarqand shahrini Urgut tumani bilan bog‘lovchi M-6-raqamli «Urgut - Universitet xiyoboni» avtobus yo‘nalishi ochish rejalashtirilgan. Ushbu yo‘nalishda ham yangi avtobuslar harakati yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.

Hozirda tumanlarni viloyat markazi bilan bog‘lovchi yo‘nalishlarda «Isuzu» rusumli avtobus va turli mikroavtobuslar aholi xizmatida ekanligini qayd etish lozim. Jumladan, Samarqand shahrini Bulung‘ur, Jomboy, Urgut, Past Darg‘om, Nurobod, Kattaqo‘rg‘on, Qo‘shrabot, Payariq tumanlari bilan bog‘lovchi yo‘nalishlarda avtobuslar harakati yo‘lga qo‘yilgan.

Viloyat transport boshqarmasi tomonidan uzoq va chekka hududlarda avtobuslar harakatini tashkil etish hamda mavjudlaridagi harakat tarkibini yangilash borasida tadbirkorlik sub’yektlari bilan hamkorlikda yangi avtobuslar xarid qilish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Shuningdek, viloyat miqyosida mavjud bo‘lgan yo‘nalishli taksi yo‘nalishlaridagi “Damas” rusumli transport vositalarini bosqichma-bosqich mikroavtobuslarga almashtirib borish rejalashtirilgan”.