Ichimlik suvi uchun harakat, yangi tokzorlar, kasanachilik, “chalajon” loyihalar taqdiri: Qo‘shrabotliklarning hayoti o‘zgaradimi?
Bu galgi suhbatimiz viloyat markazidan uzoq tumanning rahbari bilan bo‘ldi. Muloqot chog‘ida asosan odamlar turmush tarzi, bevosita ularning hayoti bilan bog‘liq savollar berishga harakat qildik. Tuman hokimi Dilshod Shakarboyevning javoblarini o‘qib, Qo‘shrabotdagi mavjud holat haqida aniq tasavvurga ega bo‘lishingiz mumkin.
- Bundan bir necha yil avval Qo‘shrabot respublikadagi suv ta’minoti darajasi past 30 ta tumandan biri edi. Shu sabab hududdagi bu ahvolni yaxshilash uchun xalqaro kredit mablag‘larini ham jalb etish choralari ko‘rildi. Biroq uning samarasi sezilmayotgandek?
- To‘g‘ri, 2019 yilda tumanning aholisi 36 foizi markazlashgan ichimlik suv bilan ta’minlangan bo‘lgan. Shuning uchun Saudiya rivojlantirish fondi va OPEK fondlari ishtirokida umumiy qiymati 36 million dollar bo‘lgan loyiha amalga oshirildi. Loyiha doirasida hudud 8 ta lotga ajratilib, bugungi kungacha 7 ta lotda belgilangan ishlar to‘liq bajarilib, foydalanishga topshirildi.
Tuman markazi va 78 qishloq aholi punktida 55 ta ichimlik suv inshooti, 883,8 kilometr tarmoq qurish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Natijada 32 mahalladagi 11200 ta xonadon markazlashgan toza ichimlik suv bilan ta’minlandi.
Hozirgi kunda 3-lotda qurilish ishlari davom etmoqda va joriy yilning 4-choragida yakunlanishi ko‘zda tutilgan.
Umuman, bugungi kunda tuman aholisining 79 foizi ichimlik suv bilan ta’minlangan. Ya’ni, bu borada hali qilinadigan ishlar ko‘p.
Joriy yilda 2 ta suv inshootini rekonstruksiya qilish bilan birga, 8 ta yangi suv nasosi o‘rnatish va 12 ta suv nasosini ta’mirlash, 2,5 kilometr tarmoq tortish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, 2025 yil Investitsiya dasturiga 9 ta qishloq aholi punktida suv inshootlari qurish, 56 kilometr tarmoq tortish taklifi berilgan.
- O‘tgan yili bir qator tumanlarda, jumladan, Qo‘shrabotda ham quduqlar burg‘ulashga moratoriy joriy etildi. Bu tumanda shundoq ham og‘ir bo‘lgan vaziyatni yanada chigallashtirmaydimi? Shunday vaziyatda qo‘shrabotlik bog‘bon va mirishkorlar qanday yo‘l tutmoqda?
- Agar jim kuzatib turilsa va faqat cheklovlargagina amal qilinsa, vaziyat chigallashadi. Lekin uni o‘nglash choralari ko‘rilmoqda. Misol uchun, bog‘ va tokzorlarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilgan va burg‘ulangan tik quduqlar uchun bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi tomonidan subsidiya ajratiladi.
Joriy yilga qadar tumanimizdagi 65 ta fermer va qishloq xo‘jaligi korxonasi tomonidan ayni maqsadda 21 milliard 618 million so‘m subsidiya mablag‘lari o‘zlashtirildi. Natijada 3000 gektardan ziyod bog‘ va uzumzorda suvni tejovchi texnologiyalar joriy etildi. Bu bilan yer osti suvi 30-40 foiz tejalishiga erishildi. Yalpi hosildorlik 20-30 foizga oshdi.
«Oqchopsoy» suv omborida suv taqsimlash va o‘zi oqar suv quvurlarini yotqizish orqali 1500 gektar yangi yer o‘zlashtiriladi. Bundan tashqari, Chorloq mahallasining Ochobuloq qishlog‘ida Oqtepasoy o‘zanida «Oqtepasoy» sel suv omborini qurish rejalashtirilyapti. Ayni kunlarda ombor loyihasi tayyorlanmoqda.
- Shunga qaramay, tumanda bog‘dorchilik borasida o‘sish, o‘zgarish kuzatilmayotgandek, bizningcha. Davlat rahbari ko‘chat qadagan yong‘oqzor bunga misol bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, ming gektar uzumzor tashkil qilinishi haqida loyiha bo‘yicha ham keyinchalik biror ma’lumot berilmadi.
- Yong‘oqzor bo‘yicha siz aytgan holat 2017 yil tashkil topgan «Oqtepa unumdor zamini» fermer xo‘jaligida bo‘lgan. Xo‘jalikka 700 gektar yer maydoni ajratilgan va dastlab 40 gektar yerda yong‘oq, 20 gektarda gilos ko‘chat ekish, 30 gektar tokzor barpo qilish boshlangan. 2018 yilda tashabbuskor fermer vafotidan keyin xo‘jalikdagi ishlar to‘xtab qoldi.
Shundan so‘ng yer maydonining 640 gektari tuman hokimligi zaxirasiga olinib, auksionga chiqarilmoqda. Bu yerda bugungi kungacha 68 nafar fuqaro tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida 50 gektar bog‘ va 70 gektar tokzor barpo qilgan.
Uzumzor masalasida 2023 yil 3 avgustda davlatimiz rahbarining 260-sonli qarori qabul qilingan. Qarorga asosan, tumanda 2023-2024 yillarda 1600 gektar maydonda tokzorlar barpo qilish belgilangan. Bugungi kunga qadar 84 ta fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan 918 gektar tokzor barpo etildi. Kuz oylarida qolgan tokzorlar ham barpo qilinadi.
- O‘tgan yili hunarmandchilik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining 4 milliard so‘m subsidiya mablag‘lari asosida viloyat bo‘yicha 678 fuqaro kasanachilik yo‘nalishida ish bilan ta’minlangan. Biroq Qo‘shrabot tumanida jamg‘armaning bir so‘m ham mablag‘i o‘zlashtirilmagan.
- Bu yerda aniq sabab tufayli shunday holat yuz bergan. Chunki tumanda 20 nafardan ortiq hunarmand ro‘yxatdan o‘tkazilib, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limiga mahalla.uz platformasi orqali yuborilgan.
Qo‘shrabot tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limining maxsus hisob raqamiga ta’qiq qo‘yilganligi sababli hunarmandchilik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan subsidiya mablag‘larini to‘lash imkoni bo‘lmagan.
Joriy yil bo‘limga mahalla.uz platformasi orqali yuborilgan 25 nafar tashabbuskor hunarmand va kasanachining arizalariga ijobiy xulosa berilgan.
- Azaldan Qo‘shrabotda yirik va mayda shoxli mol boqish asosiy daromad manbalaridan biri bo‘lgan. Shu bois aholining go‘sht va sutga bo‘lgan talabi ichki imkoniyatlardan to‘liq qoplanyapti. Ammo chorvadorlar yetishtirgan mahsulotni qayta ishlash, qo‘shilgan qiymat yaratish yo‘lga qo‘yilmayapti.
- Tumanning viloyat markazidan uzoqligi, eng yaqin temir yo‘l stansiyasi bilan oradagi masofa 60 kilometrni tashkil qilganligi mahsulot tannarxiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, aholi punktlari tarqoq joylashganligi sut va tez buziluvchi mahsulotlarni yig‘ib olish hamda qayta ishlashda ham muammolar keltirib chiqaradi. Ammo bu tayyor xomashyodan mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymaslikka sabab bo‘lmasligi kerak. Shu jihatdan aytish mumkinki, ayni paytda Qo‘ralos mahallasidagi “Qoʻshrabot quality meat” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan oyiga 15 tonna go‘sht mahsulotlari qayta ishlamoqda. Demak, qilish mumkin, faqat tashabbuskorlarni topish, ularni qo‘llab-quvvatlash kerak, nazarimda.
Ushbu yo‘nalishda istiqbolli loyihalar o‘rganilyapti. Misol uchun, xitoylik tadbirkorlar bilan qo‘y junidan tayyor mahsulot ishlab chiqarish loyihasi tayyorlangan.
- 2022 yil oktyabrida Qo‘shrabot tumanida Koreya davlatining “HIBI International Co. Ltd” kompaniyasi bilan hamkorlikda to‘g‘ridan-to‘g‘ri 100 million dollar investitsiya hisobiga agrosanoat klasterini tashkil etish va loyiha doirasida 500 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgani xabar qilingan. Keyinchalik biron joyda tilga olinmaganidan reja amalga oshmaganini taxmin qilish mumkin.
Umuman, tumanda bu kabi «chalajon» loyihalar, yillar davomida ro‘yobga chiqmayotgan rejalar oz emas...
- Tuman hokimining 2020 yil 12 oktyabrdagi qarori bilan “HIBI GROUPS” MChJ qo‘shma korxonasiga soya, texnik kannabis o‘simliklarini yetishtirish va eksport qilish uchun tumanning Ergash Jumanbulbul massividan 976,4 gektar yer maydoni ajratilgan.
Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilgan bu loyihaga kannabis o‘simligi (tarkibida giyohvand modda) bo‘lganligi sababli ruxsat berilmagan.
- O‘tgan yili davlat rahbari bir qator hududlar qatori Qo‘shrabot tumani mahalliy byudjetidan maktablar ta’miri uchun mablag‘ berilmaganini tanqid qilgandi. Joriy yilda vaziyat o‘zgaradimi?
- Darhaqiqat, o‘tgan yili mazkur masalada biroz befarqlik bo‘lgan. Ammo joriy yilda bu borada oldimizga katta rejalar qo‘yganmiz. Xususan, tuman mahalliy byudjetining xarajatlar smetasida maktablar joriy ta’miri uchun 951,4 million, binolarining isitish tizimini yaxshilashga 963 million so‘m ajratish belgilangan.
Shuningdek, maktablarga mebel va jihozlar uchun 120 million, kompyuter va moddiy-texnik baza uchun 216,5 million, elektr hisoblagichlarni almashtirish uchun 105 million, boshqa xarajatlar uchun 1 milliard 378,9 million so‘m mablag‘ berish ko‘zda tutilgan.
- Bugungi kunda tuman axborot-kutubxona markazi vaqtincha boshqa binoda faoliyat olib bormoqda. «Yoshlar markazi» va istirohat bog‘i haqida ham ijobiy fikr bildirish qiyin. Tumandagi 10 ming o‘rinli «Mehnat» stadionining o‘rindiqlari, yugurish yo‘laklari achinarli holatda.
Hudud yoshlarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish borasida yechimini kutayotgan muammolar shulardangina iborat emas, nazarimizda?
- Muammolar bor, lekin ularning yechimi bo‘yicha ham ish olib borilyapti. Misol uchun, axborot kutubxona markaziga bino qurish uchun yer maydoni ajratish ko‘rib chiqilmoqda. Qurilish ishlari uchun xalq deputatlari tuman Kengashining joriy yil 22 fevraldagi qaroriga asosan, mahalliy byudjet erkin qoldiq mablag‘lari hisobidan 480 million so‘m mablag‘ ajratilgan.
Bundan tashqari, ajratilgan 250 million so‘m mablag‘ga «Yoshlar markazi» va istirohat bog‘ida ta’mirlash hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshiriladi. «Mehnat» stadionini yozgi mavsumga tayyorlash maqsadida qurilish materiallari va xo‘jalik mollarini sotib olish uchun tuman hokimining farmoyishi asosida 42 million so‘m mablag‘ ajratilyapti.
Umuman, tuman markazidagi istirohat bog‘ida ertamiz egalari uchun barcha qulayliklarga ega yoshlar sayilgohi tashkil etilmoqda. Shuningdek, yoshlar ijod ko‘chasi va kreativ park tashkil etiladi. Boyto‘p mahallasida barcha qulayliklarga ega unversal maydon yaratish ham joriy yilga mo‘ljallanyapti.
- Mahalliy byudjetdan ajratiladigan yirik summalar rejalashtirilayotgani haqida gapiryapsiz. Amalda buning iloji bormi?
- Keling, ayrim raqamlarni keltirib o‘tay. O‘tgan yil mahalliy byudjet prognoz rejasi 66,6 milliard so‘m belgilangan bo‘lib, yil yakuni bilan 76,4 milliard so‘mga bajarildi.
Mahalliy byudjet prognoz rejasi joriy yilda 86 milliard so‘m belgilangan, tahlillarga ko‘ra, u 97,1 milliard so‘m bo‘lishi kutilmoqda.
- Keyingi yillarda yurtimiz va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu yaqinlikdan Qo‘shrabot tumani va uning aholisiga biron naf bo‘lyaptimi?
- Chin o‘lkasiga safarimiz davomida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan manfaatli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha bir qator kelishuvlarga erishganmiz.
Shunday kelishuvlardan biri Xitoy Xalq Respublikasining Hebei texnologiya universiteti bilan bo‘lgandi. Kelishuv doirasida 4 nafar yoshlarimiz ushbu universitetda imtiyozli ravishda o‘qishga jo‘nab ketdi.
Joriy yilning 25-26 aprel kunlar Veynan shahri hokimi Chen Xiaoyong boshchiligida delegatsiya Qo‘shrabot tumaniga tashrif buyurdi. Mehmonlar “Qo‘shrabot Loman parranda” MChJ, “Alihan Organic Agro LLC” MChJ xorijiy korxonasi, tumanda barpo etilgan uzumzorlar bilan tanishdi.
Qo‘shrabot tumani va Veynan shahri o‘zaro anglashuv, teng huquqlilik va manfaatdorlik asosida qardosh shahar munosabatlarini yo‘lga qo‘yish niyatida iqtisodiyot, savdo, sog‘liqni saqlash, ta’lim, qishloq xo‘jaligi, fan-texnika, turizm va boshqa sohalarda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuv bitimi imzolandi.
Tumanda uzumchilik bog‘ini barpo etish va qayta ishlash, olma yetishtirish hamda qishloq xo‘jalik parkini tashkil qilish loyihasini amalga oshirishga kelishib oldik.
- Mazmunli suhbat uchun rahmat.
Yoqubjon MARQAYeV suhbatlashdi.