Inson huquqlarini himoya qilishning xalqaro mexanizmlari
hamda ularni milliy huquq tizimiga implementatsiya qilish
Har bir davrda inson huquqlarini ta’minlash va rioya etilishini nazorat qilish o‘z dolzarbligini yo‘qotmaydi. Insonning huquq, erkinliklari hamda manfaatlarini har tomonlama ta’minlash davlatlarning asosiy vazifasidir. Butun jahon miqyosida insonning asosiy erkinliklari va huquqlarini himoya qilish davlatning asosiy vazifalaridan biri sifatida qaraladi. Inson huquqlarini ta’minlash deganimizda, birinchi o‘rinda ko‘z oldimizga Birlashgan Millatlar Tashkiloti keladi.
Aslida inson huquqlari g‘oyasining shakllanishi qadimgi davrlarga borib taqaladi. Qadimgi Yunoniston va Rim huquqiy qarashlarida insonning tabiiy huquqlari haqida dastlabki tasavvurlar paydo bo‘lgan. Keyinchalik o‘rta asrlarda diniy va falsafiy ta’limotlar inson qadr-qimmati va adolat tamoyillarini rivojlantirdi. XVII–XVIII asrlarda esa tabiiy huquqlar nazariyasi (J.Lokk, J.J.Russo kabi mutafakkirlar) asosida inson erkinligi va tengligi g‘oyalari mustahkamlandi. Inson huquqlari rivojida muhim burilish nuqtasi sifatida 1776 yilgi AQSh Mustaqillik deklaratsiyasi va 1789 yilgi Fransiya Inson va fuqaro huquqlari deklaratsiyasi alohida ahamiyatga ega. Bu hujjatlar inson huquqlarini davlat tomonidan tan olish va kafolatlash tamoyilini shakllantirdi.
Vaqt o‘tishi bilan inson huquqlari masalasi xalqaro huquq doirasida alohida tizimlashib, o‘z predmeti, prinsiplari va institutlariga ega bo‘ldi. Natijada u xalqaro ommaviy huquqdan mustaqil yo‘nalish sifatida ajralib chiqdi. Bugungi kunda inson huquqlari alohida fan sifatida shakllangan bo‘lib, u inson huquqlarini himoya qilishning xalqaro va milliy mexanizmlarini o‘rganadi, shuningdek, davlatlarning bu boradagi majburiyatlarini tahlil qiladi.
Inson huquqlari xalqaro tizimining shakllanishi va rivojlanishi yuridik fanda fundamental ahamiyatga ega bo‘lgan "Inson huquqlari avlodlari" konsepti bilan uzviy bog‘liq. Ushbu nazariya xalqaro huquqiy normalarning nafaqat tarixiy evolyusiyasini, balki ularning davlatlar ichki huquqiy tizimiga integratsiyalashuv tendensiyalarini ham tushunishga xizmat qiladi.
Inson huquqlarining birinchi avlodi (fuqarolik va siyosiy huquqlar) klassik liberalizm g‘oyalari hamda tarixiy konstitutsiyaviy hujjatlar, xususan, Angliyaning Habeas Corpus Act (1679), AQSh Mustaqillik deklaratsiyasi (1776) va Fransiyaning Inson va fuqaro huquqlari deklaratsiyasi (1789) ta’sirida yuzaga kelgan. Bu davrda inson huquqlari tizimi, asosan, "salbiy huquqlar" (negative rights) xarakteriga ega bo‘lib, davlatning shaxsiy erkinliklar sohasiga asossiz aralashmasligini hamda shaxs daxlsizligini ta’minlashni talab etgan.
Ikkinchi jahon urushidan so‘ng, Birlashgan Millatlar Tashkilotining tashkil etilishi va 1948 yilgi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining qabul qilinishi bilan mazkur konsepsiya universal darajaga ko‘tarildi. BMT doirasidagi xalqaro-huquqiy tartibga solish mexanizmlari inson huquqlarining ham birinchi, ham ikkinchi avlodini (iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar) yagona xalqaro standart sifatida mustahkamladi. Ikkinchi avlod huquqlari birinchisidan farqli olaroq, "ijobiy huquqlar" (positive rights) sanalib, davlat zimmasiga fuqarolar uchun munosib hayot darajasi, mehnat qilish, ijtimoiy himoya va ta’lim olish imkoniyatlarini yaratish bo‘yicha pozitiv majburiyatlarni yuklaydi. Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) konvensiyalari ushbu ikkinchi avlod huquqlarining xalqaro mehnat standartlari doirasida kodifikatsiya qilinishida yetakchi rol o‘ynadi.
XX asrning ikkinchi yarmi va XXI asr boshlariga kelib, globallashuv va dekolonizatsiya jarayonlari ta’sirida inson huquqlarining uchinchi avlodi (kollektiv yoki birdamlik huquqlari — tinchlik, rivojlanish, toza atrof-muhitga bo‘lgan huquqlar) va axborot asrining shiddatli taraqqiyoti natijasida to‘rtinchi avlod (raqamli huquqlar, kiber-makonda shaxsiy hayot daxlsizligi va bioyetika) konseptlari yuridik diskursga kirib keldi.
Shu nuqtayi nazardan, bugungi kunda inson huquqlarining xalqaro himoya mexanizmlari hamda milliy qonunchilik tizimlarining o‘zaro nisbatini tahlil qilishda huquqlarning ushbu avlodlari o‘rtasidagi dialektik aloqani hisobga olish zarur. Zero, birinchi avlod hisoblangan kamsitilmaslik va tenglik prinsiplari bugungi kunda ikkinchi avlod (mehnat huquqlari) va uchinchi avlod (ijtimoiy birdamlik) tizimida yangicha huquqiy instrumentlar orqali namoyon bo‘lmoqda. Davlatlarning xalqaro konvensiyaviy majburiyatlari tizimi aynan mana shu turli avlodlarga mansub huquqlarning milliy qonunchilikda mutanosib (proporsional) tarzda ta’minlanishini talab etadi.
Inson huquqlari xalqaro huquqiy tizimining eng samarali institutsional mexanizmlaridan biri bu BMTning Shartnomaviy (Konvensiyaviy) qo‘mitalari (Treaty Bodies) hisoblanadi. Mazkur qo‘mitalar BMTning siyosiy organlaridan farqli olaroq, mustaqil ekspertlardan iborat bo‘lib, davlatlar tomonidan muayyan konvensiyalar ijrosining qay darajada ta’minlanayotganini huquqiy jihatdan nazorat va monitoring qiladi. O‘zbekiston Respublikasi BMTning inson huquqlari bo‘yicha asosiy konvensiyalariga qo‘shilishi orqali uning doirasida tashkil etilgan deyarli barcha universal konvensiyaviy qo‘mitalarning yurisdiksiyasini tan olgan va ular bilan doimiy muloqot tizimini yo‘lga qo‘ygan.
Xalqaro miqyosda inson huquqlarining "Konstitutsiyasi" hisoblangan 1948 yilgi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi (IHUD) va uning asosida qabul qilingan xalqaro paktlar universal huquqiy standartlarni belgilab bergan.
O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi mazkur deklaratsiyaning fundamental g‘oyalarini shunchaki deklarativ tarzda qabul qilmay,ularni aniq imperativ moddalar shaklida o‘z huquqiy tizimiga integratsiya qildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ham Inson huquq va erkinliklariga oid normalar 3 baravardan ortiqqa oshdi. Bu inson huquqlariga bo‘lgan e’tibor ortib borishining yaqqol misoli desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Konstitutsiyamizda aytib o‘tilganidek qonunlardagi ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga hal bo‘lishi shart va zarur. Bunga ko‘ra, inson va davlat o‘rtasida munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilikdagi noaniqliklar, turli tushunmovchiliklar bartaraf etiladi, fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiliklari oldi olinadi.
Qonunchilikda belgilanmagan majburiyat hech kimning zimmasiga o‘z roziligisiz yuklatilishi mumkin emasligi qayd etildiki, ushbu norma odamlar hayotini yanada yengillashtiradi. O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O‘zbekistondan tashqariga majburiy chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berib yuborilishi mumkin emasligi belgilandi. Bu norma fuqarolarimizning doimiy ravishda davlat himoyasida ekanligiga ishonchini mustahkamlashga, o‘z yurtidan chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berilishi kabi holatlarning oldini olishga xizmat qiladi. Davlat xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarning saqlab qolinishi hamda rivojlanishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishi ta’kidlandi. Ushbu norma chet ellarda yashayotgan, ishlayotgan, ta’lim olayotgan vatandoshlarimizni Vatani bilan doimiy aloqada bo‘lishiga, tili, madaniyatini saqlab qolish hamda rivojlantirishiga, ona yurti – O‘zbekistonning obro‘sini yanada oshirishga o‘z hissasini qo‘shishiga xizmat qiladi.
Konstitutsiyaviy muvofiqlik va tahlil: Mazkur xalqaro norma Konstitutsiyamizning 27-moddasida o‘zining eng mukammal yuridik ifodasini topdi. Unga ko‘ra, shaxs suddan tashqari 48 soatdan ortiq ushlab turilishi mumkin emasligi hamda qamoqqa olishga faqat sud qarori bilan yo‘l qo‘yilishi (Habeas Corpus prinsipi) konstitutsiyaviy norma sifatida muhrlandi.
Ilmiy tahlillar shuni ko‘rsatadiki, Deklaratsiyaning umumiy xarakterdagi prinsipi milliy Konstitutsiyada aniq muddatlar (48 soat) va aniq protsessual mexanizmlar bilan boyitilgan. Bu esa deklarativ normaning real amaliyotga tatbiq etilishini ta’minlaydi.
Xalqaro deklaratsiyalar va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarining qiyosiy tahlili shuni ko‘rsatadiki, milliy qonunchilik xalqaro huquqning deklarativ normalarini shunchaki nusxalamay, ularni amaliyotda qo‘llash mumkin bo‘lgan imperativ mexanizmlarga aylantirgan. IHUD prinsiplari Konstitutsiyada davlat organlari majburiyatlarini va shaxsning protsessual kafolatlarini belgilash orqali o‘zining mantiqiy yakunini topgan. Bu esa inson huquqlari va konstitutsiyaviylik o‘rtasidagi dialektik aloqadorlikning oliy namunasidir.
Inson huquqlari xalqaro tizimining rivojlanishi va “inson huquqlari avlodlari” konsepsiyasi bugungi kunda davlatlarning huquqiy tizimlari bilan uzviy bog‘liq ekanini ko‘rsatadi. Ushbu jarayon fuqarolik va siyosiy huquqlardan boshlab, iqtisodiy-ijtimoiy hamda yangi avlod huquqlarigacha bo‘lgan keng qamrovli tizimning shakllanishiga olib keldi. BMTning konvensiyaviy qo‘mitalari esa davlatlar zimmasidagi xalqaro majburiyatlarning bajarilishini nazorat qilib, inson huquqlarini xalqaro darajada himoya qilishda muhim rol o‘ynamoqda. O‘zbekiston Respublikasida esa inson huquqlarining Konstitutsiya darajasida keng kafolatlanishi va xalqaro standartlarning milliy qonunchilikka izchil integratsiya qilinishi bu sohadagi islohotlarning asosiy yo‘nalishlaridan biridir.
Zarina BEGNAZAROVA,
Nilufar ShUHRATOVA,
TDYU huzuridagi Samarqand viloyat akademik litseyi 2-bosqich talabalari.