Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi tizimida joriy yilda kuzatilgan korrupsion holatlar haqda ma’lumot berildi
Samarqand viloyatida mazkur tizimda joriy yilda 5 ta korrupsion holat aniqlangan. Bu haqda viloyat Matbuot uyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aytildi.
- Maktabgacha va maktab ta’limi tizimida korrupsion holatlarning uchrashi achinarli holdir, - dedi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shokir Sultonov. – Shuningdek, o‘tgan 5 oy davomida maktablarda sovg‘a-salom va boshqa maqsadlarda pul yig‘ish bilan bog‘liq bir qator murojaatlar kelib tushgan. Mazkur holatlar viloyat tashkiloti mutasaddilari tomonidan o‘rganilganida, ularning aksariyati ota-onalar tashabbusi bilan yig‘ilganligi aniqlandi.
Tadbirda so‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali maktablar va bog‘chalarda turli xil tadbirlar o‘tkazish uchun o‘quvchilardan pul mablag‘lari yig‘ilayotganligi haqidagi xabarlarga to‘xtalindi.
Sh.Sultonov ta’lim muassasalarida ta’mirlash, “So‘nggi qo‘ng‘iroq” va turli bayramlar uchun pul yig‘ish qat’iyan taqiqlanganini bildirdi. Mabodo, maktab yoki bog‘chalarda pul yig‘ish bilan bog‘liq holatlar aniqlansa, boshqarmaning 66-238-88-00 telefon raqami, shuningdek, @sammmtb_boti orqali murojaat qilish so‘raldi.