Euronews endi Yangi O‘zbekistondagi jarayonlarni ham namoyish etadi

O‘zbekiston elektron OAV milliy assotsiatsiyasi (O‘zEOAVMA) Euronews bilan hamkorlikni kengaytirmoqda.

O‘zEOAVMAning CNN, Euronews, BBC Uzbek, Rossiya-24, MIR, Rossiya-K kabi bir qator xorij telekanallari bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan «Yangi O‘zbekiston. Yangi nigoh» media-dasturiga muvofiq, dunyoning yirik telekanallari tomoshabinlari Yangi O‘zbekiston haqidagi lavhalar, videoroliklar va eksklyuziv videointervyular bilan tanishadilar.

Qayd etish joizki, Euronews saytida Yangi O‘zbekistonga bag‘ishlangan maxsus sahifa ochilgan – https://www.euronews.com/special/a-new-uzbekistan. Ushbu sahifada, telekanal efirida bo‘lgani kabi, global hamkorlik doirasida yangi O‘zbekiston haqida hikoya qiluvchi barcha materiallar, reportajlar va maqolalar, shuningdek, videolavhalar joylashtirib boriladi. Joriy yilda Euronews telekanali orqali Yangi O‘zbekiston haqida 300 dan ziyod videolavhalar, 15 dan ortiq maxsus reportajlar efirga uzatildi, 10 ta maqola chop etildi.

Focus, Agenda, Cult va boshqa dasturlardagi materiallar shu jumladandir.

O‘zbekiston iqtisodiyotining rivojlanishi, energetika tarmog‘i, mintaqalararo hamkorlikni mustahkamlash, ekologiya masalalari, sport va yosh avlod, maktabgacha ta’lim, ma’naviyat va madaniyat muhim mavzular bo‘lib turibdi.

Kecha Euronews telekanalining ingliz tilidagi efirida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev bilan intervyu berilgan «Kun tartibi» (Agenda) dasturi namoyishi boshlandi. Bu Euronews telekanalidagi ahamiyatli va nufuzli dasturlardan biridir.

Telekanal muxbiri Galina Polonskaya Sodiq Safoyev bilan Shavkat Mirziyoyev ikkinchi muddatga Prezident etib saylanganidan keyin mamlakat qanday rivojlanishi, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo bo‘yicha rejalari qanday ekani va O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasini rivojlantirish bo‘yicha qanday ta’sir ko‘rsatishga intilayotgani haqida suhbatlashdi.

Shuningdek, O‘zbekistonning bugungi Afg‘oniston bilan o‘zaro iqtisodiy hamkorligi, mamlakatda global islohotlarni davom ettirish, xorijiy sarmoyalarni jalb qilish, O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Ta’kidlash joizki, ushbu dastur maqsadi jahon auditoriyasini O‘zbekiston bilan, so‘nggi yillarda mamlakatda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar bilan tanishtirishdan iborat. Dastur tufayli dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi o‘quvchilar va tomoshabinlar O‘zbekiston – g‘oyat jadal rivojlanayotgan davlat va jamiyat bo‘lib, milliy va xalqaro investorlar uchun yangi va katta imkoniyatlar bozori ekanligini bilib oladilar. Ko‘p jihatdan O‘zbekiston sharofati bilan Markaziy Osiyo siyosiy barqarorlik, izchil taraqqiyot va yaxshi qo‘shnichilik mintaqasiga aylanib bormoqda.

Taqdim etilgan dastur Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ta’sirchan o‘zgarishlar, davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizni isloh qilish, iqtisodiyot va jamiyatni rivojlantirish borasida olib borilayotgan siyosatni jahon hamjamiyatiga namoyish etadi.

«Bu Euronews telekanalida berilgan O‘zbekiston haqidagi bunday darajadagi birinchi intervyu. Tanlangan mavzular bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda kechayotgan jarayonlar, islohotlarga jahon ommaviy axborot vositalarining samimiy qiziqishidan dalolatdir. Biz ushbu loyihalarni amalga oshirishda o‘z hissasini qo‘shayotgan barcha hamkorlarimizga o‘z minnatdorligimizni bildiramiz», dedi O‘zEOAVMA boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov.