Jomboylik deputatlar: Maktabga - ha, bog‘chaga - yo‘q

Tumandagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida mashg‘ulotlarni boshlash uchun tayyorgarlik yetarli emas, deb topildi.

Xabaringiz bor, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quv yilini an’anaviy shaklda boshlash masalasi mahalliy Kengashlar tomonidan muhokama qilinmoqda.

Shu kunlarda viloyatimizning barcha shahar va tuman Kengashlariga maktablarda ta’limni boshlash uchun ko‘rilgan tayyorgarlik to‘g‘risida xalq ta’limi bo‘limlari axborot kiritgan.

Xalq deputatlari Jomboy tumani Kengashining 11 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan sessiyasida shunday axborot ko‘rib chiqildi. Alohida qayd etish o‘rinliki, sessiya ishi “an’anaviy” uslubdan voz kechilganligi bilan ahamiyatli bo‘ldi. Negaki, deputatlar xalq ta’limi bo‘limi mudiriga kutilmagan savollar bilan murojaat qilishdi.

Misol uchun, “Axborotda bir holat e’tibordan chetda qolgan”, dedi deputatlardan biri. Deputatning qayd etishicha, maktablar ish boshlagach, istalgan bola onlayn o‘qishni davom ettirishi ham mumkin. Lekin qaysi qishloqlarda bunga imkoniyat yo‘q?

Shu bois, sessiyada deputatlar o‘z saylov okrugidagi qaysi qishloq yoki mahallada internet xizmatlaridan foydalanib bo‘lmasligi to‘g‘risida ma’lumot tayyorlashga kelishib oldi. Mazkur ma’lumot asosida viloyatdagi tegishli tashkilot va hududdagi provayderlarga internet xizmati yetib bormagan qishloqlarda ham bu xizmatni yo‘lga qo‘yish talabini qo‘yishga qaror qilindi.

Sessiyada maktabgacha ta’lim bo‘limi boshlig‘ining ham axboroti tinglandi. Tumandagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarining ish boshlashi uchun amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot taqdim qilinmaganligi deputatlarning jiddiy e’tiroziga sabab bo‘ldi. Shu bois, maktabgacha ta’lim tashkilotlarini bosqichma-bosqich ochish grafigi tasdiqlanmadi.

Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, boshqa bir qator tuman va shaharlarda ham MTT tashkilotlarini ochish masalasida yakuniy to‘xtamga kelinmagan. Xususan, bu borada batafsil ma’lumot berilmagani uchun Kattaqo‘rg‘on tumani, Samarqand shahar Kengashlarida ham masala sessiya kun tartibiga kiritilmagan.