AQSh va Eron muzokaralari: yadroviy yoqilg‘i evaziga yangi shart

AQSh energetika vaziri Kris Rayt Vashington Eron yadroviy dasturi masalasini muzokaralar orqali hal qilishni istashini, ammo zarurat tug‘ilsa harbiy choralarga ham tayyorligini bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, AQSh kelgusi muzokaralarda asosiy e’tiborni Ormuz bo‘g‘ozi emas, balki Eronning yadroviy dasturiga qaratmoqchi. Vashington Tehron uran boyitishdan voz kechsa, unga yadroviy yoqilg‘i yetkazib berishni taklif qilmoqda.

Eron esa yadroviy dasturni muhokama qilishdan oldin Ormuz bo‘g‘ozi va mamlakat portlariga qo‘yilgan cheklovlar masalasi hal etilishi kerakligini bildirgan.

Shu bilan birga, Fors ko‘rfazi davlatlari va Eron tashqi ishlar vazirlarining 14 sentyabrga rejalashtirilgan Ummondagi uchrashuvi kelishuvga erishish maqsadida keyinroq muddatga qoldirildi.
Avvalroq Eron va Ummon Ormuz bo‘g‘ozida kemalar harakati uchun vaqtinchalik yo‘lak yaratish bo‘yicha kelishuv parametrlarini muvofiqlashtirgani xabar qilingan edi. Biroq Saudiya Arabistoni taklifga o‘zgartishlar kiritgan. Tehron esa AQSh bilan mojaro tugamaguncha bo‘g‘ozni to‘liq ochmasligini ma’lum qilgan.