Samarqandda 500 gektardan ortiq yer maydonlari o‘zboshimchalik bilan egallangani ma’lum bo‘ldi
Samarqand viloyati hududida yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olib, noqonuniy qurilishlar qurilganlik holatlarini aniqlash hamda ularni bartaraf etish yuzasidan nazorat tadbirlari olib borilyapti. Bu haqda Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi axborot xizmati xodimi A.Hayitov Zarnews.uz’ ga ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, yer munosabatlari bilan bog‘liq qonun buzilish holatlari yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida 2022 yil davomida tumanlarda jami 1753 holatda 509 gektar yer maydonlari o‘zboshimchalik bilan egallab olinganligi va yer qonun buzilish holatlari aniqlangan.
Jumladan, 1195 holatda 282 gektar yer uy-joy qurish maqsadida, shundan 387 holatda 156,6 gektar yer tomorqa sifatida, 347 holatda 20,7 gektar yer noturar joy qurish maqsadida va 210 holatda 205,4 gektar yer maydoni boshqa maqsadlarda foydalanish uchun egallab olingan.
- Aniqlangan holatlarni bartaraf etish yuzasidan yer qonun buzilishini sodir etgan shaxslarga ogohlantirish xatlari yuborilib, 518 holatda 255 gektar yer maydoni ixtiyoriy ravishda bartaraf etilgan, - deydi A.Hayitov. - Belgilangan muddatlarda ixtiyoriy bartaraf etilmagan 981 holatda 214 gektar yer maydoni fuqarolik ishlari bo‘yicha sud idoralariga noqonuniy qurilmani buzdirish va yer maydonini asl holatiga keltirish yuzasidan da’vo arizalar va prokuratura organlariga 207 holatda 34 gektar maydondagi qonunbuzilishlar to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim etilgan.
Bundan tashqari, 61 holatda 624,7 gektar yer maydonida yerdan maqsadsiz foydalanish holatlari aniqlangan va tuman, shahar hokimliklariga taqdimnomalar kiritilgan, 16 holatda 481,3 gektar yer maydonlari qaytarilgan.