Yer maydoni o‘zlashtirilgan bog‘cha. Yoki parlament quyi palatasi vakili nimalarga guvoh bo‘ldi?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Yelena Kompolщik reglament talablariga asosan, o‘zi saylangan okrug hududida bo‘lib, bu yerda ta’lim-tarbiya jarayoni, xususan, mavjud shart-sharoitlar bilan tanishdi.

Samarqand shahridagi 43-son ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi yangi ta’mirdan chiqqaniga qaramasdan kamchilik va muammolari yetarlicha ekan.

Bu yerda, avvalo, pedagoglar bilan uchrashuv, so‘ngra maktabning barcha xonalarini aylangan deputatga biologiya, kimyo va fizika fan kabinetlari, laboratoriya xonalari yo‘qligi, bolalar sport maydonchasining talabga javob bermasligi, rus sinflari uchun fan o‘qituvchilarining yetishmasligi bildirildi.

51-umumta’lim maktabi hududida sport maydonchasi dars jarayoniga moslashtirilmaganligi, binosi sig‘imi o‘quvchilar soniga to‘g‘ri kelmasligi, yozgi sport zalning kichikligi sababli yuzaga kelayotgan noqulayliklar haqida aytishdi.

Deputat, shuningdek, 48-son maktabgacha ta’lim muassasasida ham bo‘ldi. Muassasa binosi yangi ta’mirdan chiqqaniga qaramasdan ko‘plab kamchiliklarni ko‘rish mumkin. Bino kirish qismining o‘zidayoq polning ko‘tarilib qolgani ko‘ngilni xira qiladi. Bog‘cha binosi orqasida joylashgan mahalla xonadonlarining tarnovi va har qanday suv kelish yo‘llari bog‘cha hovlisiga qaratilganligi buning asosiy sababi ekan.

Ya’ni, bino tagiga oqayotgan suv muassasada namlik va pollarning ko‘tarilishiga olib kelmoqda. Ixcham qurilgan bog‘chada hamma sharoitlar mavjud, lekin yong‘in xavfsizligi mashinasi kirib-chiqishi uchun alohida yo‘li bo‘lishi yo‘q. Chunki, muassasa hovlisi tomondan kirish qismi va asli bog‘cha hududi bo‘lgan yer mahalla fuqarolari tomonidan o‘zlashtirib olingan. Sim devor bilan noqonuniy o‘rab olinganiga mutasaddi idoralar tomonidan munosabat bildirilmagani tushunarsiz.

Ushbu kamchiliklar va muammolarni bartaraf etilishi yuzasidan deputat Yelena Aleksandrovna o‘z vakolatidan kelib chiqqan holda kerakli tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari yubordi va ayrim muammolarni joyida hal etilishiga erishib, qolgan muammolar hal etilishini nazoratiga oldi.

Mohina Abdurahimova,

“Adolat” SDP viloyat Kengashi mutaxassisi.