Samarqandda 4 gektar yerni 55 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan firibgar ushlandi

Fuqaro S.X. va S.A.larning Samarqand viloyati IIB yer resurslari talon-toroj qilinishiga qarshi kurashish bo‘linmasiga qilgan murojaatiga asosan viloyat prokuraturasi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda fuqaro M.A. Samarqand tumani Mironqul mahallasi hududidan tuman hokimining qaroriga asosan “A.S.” MChJga intensiv tokzor barpo etish uchun ajratilgan jami 21,3 gektar yer maydonlaridan 4 gektar qismini 55 ming AQSh dollari evaziga sotishga kelishib, kelishilgan puldan 30 ming AQSh dollarini ariza bergan fuqarodan firibgarlik yo‘li bilan olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Bosh prokuratura axborot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Samarqand tumani bo‘limi tomonidan M.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.