O‘zbekistonda olti oyda 2,2 ming gektardan ortiq yer o‘zboshimchalik bilan egallangani aniqlandi
O‘zbekistonda o‘tgan olti oyda yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallash bilan bog‘liq 5 968 ta (2 236,3 gektar) holat aniqlandi. Bu haqda Kadastr agentligi axborot xizmati rahbari Ne’matjon Atamuratov ma’lum qildi.
Aniqlangan holatlar:
➖qishloq xo‘jaligi yerlarida – 1 961 gektar;
➖aholi punktlari yerlarida – 144 gektar;
➖sanoat, transport, aloqa mudofaa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlarda – 14,2 gektar;
➖tabiatni muhofaza qilishga mo‘ljallangan yerlarda – 1,3 gektar;
➖tarixiy madaniy ahamiyatga molik yerlarda – 3,7 gektar;
➖o‘rmon fondi yerlarida – 23,2 gektar;
➖suv fondi yerlarida 9,9 gektar va zaxira yerlarda 79 gektarni tashkil etadi.
Agentlik organlari tomonidan berilgan yozma ko‘rsatmalar asosida 2 390 ta holatda 642,6 gektar maydondagi qonunbuzilishlarning ixtiyoriy bartaraf etilishi ta’minlangan. O‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydonlarida qurilgan noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish yuzasidan sudlarga 1 754 ta da’vo arizalari kiritilgan. Yer bilan bog‘liq 325 ta holatda esa to‘plangan hujjatlar prokuratura organlariga yuborilgan.