Samarqandda o‘zboshimchalik bilan egallangan 425 mingdan ortiq yer uchastkasi bor
Hozirgi kunda huquqiy hujjatlari yo‘q yoki to‘liq bo‘lmagan, yer uchastkasidan uzoq yillar davomida foydalanib kelinayotgan yoki yerga bo‘lgan huquqlarni rasmiylashtirish masalasi yer egasiga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra oxiriga yetmagan yer uchastkalari mavjud.
Shuningdek, mulk hujjatlarini rasmiylashtirish, ya’ni, meros olish, kimgadir hadya qilish, boshqa birovga sotish bo‘yicha ham muammolar yechimsiz qolish holatlari ham yetarlicha. Tadbirkorlarda ham yerga egalik masalasida hal qilinishi lozim bo‘lgan muammolar talaygina.
Bugun, 8 noyabrdan ana shunday muammolarning yechim sifatida o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer maydonlariga qurilgan ko‘chmas mulk ob’yektlarini aniqlash bo‘yicha xatlov boshlanadi. Viloyat matbuot uyida Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida shular to‘g‘risida ma’lumot berildi.
- Hozirgacha huquqlarni e’tirof etish masalasida jami 5 marta “aksiya” e’lon qilingan, - deydi Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Yashnar Davronov. - O‘rganishlarga ko‘ra, hozirda huquqiy hujjatlari yo‘q yoki to‘liq bo‘lmagan 487 mingdan ortiq yer uchastkasi mavjud. Agar ularning har biri o‘rtacha 3-4 nafardan fuqaro va tadbirkorga daxldor bo‘lsa, bu qonun 1,5 milliondan ziyod aholining muammosini hal qiladi, degani. Endi ular yillar davomida o‘zlariga tegishli bo‘lib kelgan yer uchastkalari va ularda qurilgan binolarni qonuniylashtirib olishlari mumkin bo‘ladi.
Joriy yilning 5 avgust kuni Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi Qonun ana shunday minglab, millionlab yurtdoshlarimiz kutayotgan huquqiy asos bo‘ldi. Ammo jarayon ko‘pchilik kutayotganidek tez va birdaniga amalga oshib qolmaydi. Qonun bilan hujjatsiz yer va bino-inshootlarni qonuniylashtirishning tartib-tamoyillari belgilangan. Yangi qonun bilan 8 holatdagi yer uchastkalariga va ulardagi binolar uchun huquqlarni rasmiylashtirishga imkoniyat yaratildi. Ya’ni, 2018 yil 1 mayga qadar o‘zboshimchalik bilan egallagan yer uchastkasi hamda unda qurilgan uy-joylar, hisob-kitoblarga ko‘ra viloyatda 78,5 ming gektarga yaqin yer maydonida joylashgan 425 ming 500 dan ortiq ob’yektni tashkil etmoqda. Fuqarolar, yuridik shaxslar va YaTTlar tomonidan huquqiy hujjatda ko‘rsatilganidan ortiqcha egallangan yer uchastkasi hamda unda qurilgan binolar 5 ming gektarda joylashgan 51 ming 914 ta ob’yektni tashkil etmoqda. Vazirlar Mahkamasining 461-sonli qarori asosida “Bir martalik umumdavlat aksiya” doirasida huquqlarni e’tirof etish oxiriga yetmagan uy-joylar soni 8,5 mingdan ortiq bo‘lib, bular qariyb 2 ming gektar yer maydonida joylashgan uy-joylar hisoblanadi.
Qonun bilan yakka tartibdagi uy-joylar egallagan yerlarga ijara huquqi 1998 yil 1 iyulga qadar egallangan bo‘lsa – 0,24 gektargacha, 1998 yil 1 iyuldan 2018 yil 1 may kuniga qadar egallangan bo‘lsa – Toshkent, Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida 0,06 gektar, qolgan hududlarda 0,12 gektardan oshmagan hajmgacha e’tirof etiladi. Ushbu hajmdan ortiqcha yerlar, agar nizo bo‘lmasa, dehqon xo‘jaligi yoki tomorqa xo‘jaligi yuritish uchun rasmiylashtirib beriladi. Qonun 2028 yil 1 yanvarga qadar amal qiladi va hujjatlashtirish amaliyoti uch yildan ziyod vaqt davomida to‘liq amalga oshirilishi belgilangan.
Turarjoylar, xususiylashtirilgan yoki mulk huquqi e’tirof etilgan bino va inshootlar ostidagi yer uchastkalariga huquqlarni e’tirof etish uchun bir martalik to‘lov miqdorlari Toshkent shahrida – BHMning 5 baravari, Nukus shahri va viloyat markazlarida – BHMning 3 baravari, viloyatlar bo‘ysunuvidagi boshqa shaharlarda – BHMning 2 baravari, boshqa aholi punktlarida – BHMning 1 baravari miqdorida belgilangan.
Qonun bilan aholiga yengillik yaratish maqsadida I va II guruh nogironlari, oldingi “aksiya” vaqtida yig‘im to‘lagan shaxslar to‘lovdan ozod qilinadi, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan shaxslarga 50 foiz chegirma beriladi.
“O‘zboshimchalik bilan egallangan”, degan so‘z faqatgina noqonuniy ma’nosini anglatmaydi. Qonunchilikda hujjatlari saqlanib qolinmagan yer yoki bino-inshootlarga nisbatan ham “o‘zboshimchalik bilan egallangan” degan ta’rif qo‘llaniladi. Masalan, o‘tgan asrda ajratilgan yerlarning ko‘pi shunday holatda, ya’ni qaysidir sabablarga ko‘ra hujjatlari saqlanmagan. Hozirgi kunda viloyatimizdagi 425 mingdan ortiq uy-joy shu holatda turibdi. Ularning barchasi tegishli tartibda o‘rganilib, qonuniy yechimlari beriladi.
O‘ktam Xudoyberdiyev.